date 19:01 / 06.04.2025
views 634

Kiyev, Kupyansk va Sumi Rossiya raketalari va dronlari hujumiga uchradi (foto)

Kiyev, Kupyansk va Sumi Rossiya raketalari va dronlari hujumiga uchradi (foto)
Rossiya qo‘shinlari 6 aprel kuni tongida Kiyevga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Darnitskiy rayonida noturar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi, yana bir bino vayron bo‘ldi. Obolonskiy rayonida mebel sexi va omborxonada yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, biznes markazining besh qavatli binosi qisman vayron bo‘lgan. U yerda Freedom telekanali ofisi joylashgani aytilmoqda. Solomenskiy rayonida esa omborxona binosi fasadi shikastlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.

Kiyevdagi shikastlangan bino, 2025 yil 6 aprel
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA


Kiyevning Obolonskiy rayonidagi biznes-markaz atrofida shikastlangan avtomobil, 2025 yil 6 aprel
Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images


Kiyev bo‘ylab raketa hujumi vaqtida ko‘tarilgan tutun, 2025 yil 6 aprel
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA


Kiyev, 2025 yil 6 aprel kuni tongi
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Tunda Rossiya qo‘shinlari Sumi shahrining fuqarolik infratuzilmasiga ham dronlar bilan hujum qilgan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDX) ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatda ma’muriy va omborxona binolari yonib ketgan. Qurbonlar yo‘q.

FVDX Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahrining aholi yashash mavzelariga aviabombalar tashlaganini ma’lum qildi. Oqibatda turar joy binolarida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ikki kishi – 67 yoshli erkak va 78 yoshli ayol jabrlangan. Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, snaryadlardan biri to‘qqiz qavatli turar joy binosiga kelib tushgan, u yerda ikkinchi qavatdan yettinchi qavatgacha bo‘lgan balkonlar, shuningdek, to‘rtta kvartira yonib ketgan.


Rossiya mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 6 aprelga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi «Ukraina qurolli kuchlarining markaziy artilleriya bazasiga, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgan mudofaa sanoati korxonalari»ga yuqori aniqlikdagi qurollar va dronlar bilan «guruhli zarba» yo‘llagan. «Zarbadan maqsadga erishildi. Obyektlar aniq nishonga olindi», – deya ta’kidlanadi harbiy idora xabarida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tunda Rossiya armiyasi tomonidan berilgan navbatdagi zarbalarga munosabat bildirdi. U «Rossiyaga bosim hali ham yetarli emasligi, Rossiyaning Ukrainaga kunlik zarbalari buni isbotlayotgani»ni ta’kidlagan.

«Rossiya o‘zining asl niyatini ko‘rsatmoqda — dunyo bunga yo‘l qo‘yarkan, terrorni davom ettirish. <…> Bunday hujumlar – [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning barcha xalqaro diplomatik sa’y-harakatlarga javobidir. Hamkorlarning har biri — Amerika, butun Yevropa, butun dunyo – Rossiya bundan keyin ham jang qilmoqchi va o‘ldirmoqchi ekanini ko‘rmoqda. Shuning uchun bosimni susaytirish haqida hech qanday gap bo‘lishi kerak emas. Xavfsizlikni ta’minlash va tinchlikni yaqinlashtirish uchun barcha kuchlarni yo‘naltirish lozim», – deya yozgan Ukraina prezidenti.

Bir kun avval Zelenskiy Kriviy Rihga berilgan zarba oqibatida 19 kishi, jumladan, to‘qqiz bola halok bo‘lgani haqidagi xabarga AQSHning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan bildirilgan munosabatni tanqid qilgandi. 4 aprel kuni elchi Bridjit Brink Kriviy Rihdagi bolalar maydonchasi va restoran hududiga ballistik raketa kelib tushgani o‘zini «dahshatga solgani» haqida yozgandi. Lekin u bu kimning raketasi ekanini aniq qilib yozmagandi. Zelenskiy bunday reaksiyani «zaiflik» deb atadi. «Afsuski, Amerika elchixonasining reaksiyasi yoqimsiz hayrat uyg‘otadi: shunday kuchli mamlakat, shunday kuchli xalq - va shunday zaif reaksiya. Bolalarni o‘ldirgan raketa haqida gapirganda hatto „Rossiyaniki“ degan so‘zni aytishdan qo‘rqishadi», – dedi Ukraina prezidenti.

6 aprel kuni Kiyevga berilgan zarbaga izoh berarkan, elchi Rossiya so‘zini tilga oldi: «Ertalabki soat 6:30 holatiga ko‘ra, Kiyev va Ukrainaning qolgan qismi Rossiya tomonidan ballistik va qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilmoqda. Poytaxtda kuchli portlashlar va bir nechta shaharlarda hujumlar haqida xabarlar bor», – deb yozdi Brink X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo