date
views 101

AQSH 18 davlat bilan savdo muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rmoqda: tariflar yumshatilishi mumkinmi?

AQSH 18 davlat bilan savdo muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rmoqda: tariflar yumshatilishi mumkinmi?
AQSH Savdo vakilligi mamlakatning savdo siyosatida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi sxema ustida ish boshladi. Unga ko‘ra, AQSH 18 davlat bilan savdo tariflarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal (WSJ).

Ushbu reja orqali boj to‘lovlari, import kvotalari, tarifsiz savdo to‘siqlari, tovarlarning kelib chiqishi, raqamli savdo va iqtisodiy xavfsizlik kabi masalalar muhokama qilinadi. Lekin manbalarning ta’kidlashicha, hujjat yakuniy shaklga kelguncha o‘zgarishi mumkin.

AQSH ushbu sxema doirasida ayrim mamlakatlarga nisbatan maxsus talablarni ishlab chiqadi va ikki oy davomida yirik savdo hamkorlari bilan muhokamalar olib boriladi. Muzokaralarning boshlanishi 8 iyul kuniga mo‘ljallangan — bu kun prezident Donald Trampning keng qamrovli savdo tariflarini joriy qilishni ortga surgan 90 kunlik muddati yakunlanadi. Agar muzokaralar natijalari tomonlarni qoniqtirmasa, AQSH ushbu davlatlarga qarshi tariflarni kuchga kiritishi mumkin.

Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt avvalroq hukumat 18 mamlakatdan taklif olganini tasdiqlagan edi, lekin bu davlatlar ro‘yxatini ochiqlamagan. WSJ nashrining taxmin qilishicha, bu davlatlar orasida Kanada, Meksika va Xitoy bo‘lishi dargumon. Sababi shundaki, AQSHning joriy qilgan keng qamrovli savdo cheklovlari bu mamlakatlarga tegishli emas edi.

Ayniqsa, Pekin va Vashington o‘rtasidagi savdo urushi oxirgi paytda kuchaygan: AQSH Xitoy tovarlariga nisbatan tariflarni 145 foizgacha ko‘targan bo‘lsa, Xitoy bunga javoban Amerika mahsulotlariga 125 foizlik boj o‘rnatdi. Shuningdek, Pekin AQSHga muhim foydali qazilmalar eksportiga cheklovlar ham kiritdi.

Nashrning xabar berishicha, Tramp ma’muriyati ayni vaqtda Xitoy bilan vaziyatni yumshatish maqsadida bojlarni 50–65 foizgacha pasaytirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ammo prezident Trampning o‘zi agar Pekin «jiddiy va aniq» taklif bilan chiqmasa, tariflarni bir tomonlama yumshatmasligini ham ta’kidlagan.

Yaqin oylarda bo‘lib o‘tadigan muzokaralar xalqaro savdo munosabatlarida jiddiy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Hozircha bu savdo «sulhi» rejasi qanday yakun topishi noma’lum, ammo iqtisodiy tahlilchilar bu jarayonlar global bozorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga umid bildirishmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH 18 davlat bilan savdo muzokaralariga tayyorgarlik ko‘rmoqda: tariflar yumshatilishi mumkinmi?