date
views 123

Ukraina G‘alaba paradida qatnashgan davlatlarning elchilariga norozilik bildirdi

Ukraina G‘alaba paradida qatnashgan davlatlarning elchilariga norozilik bildirdi
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Moskvada 9 may kuni bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy parad tadbirida ishtirok etgan xorijiy davlatlarning diplomatik vakillarini chaqirtirib, ularga rasman demarsh e’lon qildi.

Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa mazkur diplomatik harakatning sabablarini tushuntirar ekan, 2022 yil fevral oyidan beri davom etayotgan va Rossiya tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli urush sharoitida xorijiy davlatlarning yuqori martabali diplomatik va siyosiy shaxslari tomonidan Moskvadagi parad tadbirida ishtirok etilishi Kiyev tomonidan «nodo‘stona harakat» sifatida qabul qilinishini ta’kidladi.

Ukraina tashqi ishlar idorasining qayd etishicha, Qizil maydondagi ushbu tadbirda xorijiy amaldorlarning ishtirok etishi «Ikkinchi jahon urushi qurbonlari va qahramonlari xotirasini abadiylashtirishga hech qanday aloqador emas» va bu harakat Ukrainaning milliy xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga qarshi yo‘naltirilgan pozitsiyani bilvosita qo‘llab-quvvatlash sifatida baholanmoqda.

Ukraina diplomatik manbalari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Moskvadagi G‘alaba kuni paradida jami 20 dan ortiq xorijiy davlat rahbarlari, yuqori darajadagi diplomatik vakillar va xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari ishtirok etgan. Ushbu tadbirda qatnashgan diplomatlar endi Ukraina Tashqi ishlar vazirligida norozilik bayonoti bilan tanishtirilgan.

Ma’lumot uchun: diplomatik amaliyotda demarsh muayyan davlat tomonidan o‘z pozitsiyasini bildirish, xalqaro munosabatlarda sodir bo‘lgan voqealarga munosabat bildirish, yoki norozilikni rasmiylashtirish maqsadida qo‘llaniladigan diplomatik harakat yoki rasmiy bayonot hisoblanadi.

Ukraina tomonidan amalga oshirilgan mazkur diplomatik qadam xalqaro hamjamiyat diqqatini yana bir bor Kiyev va Moskva o‘rtasidagi davom etayotgan ziddiyatga jalb qilishi va vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Foto: Yevgeniya Novojenina / Reuters
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina G‘alaba paradida qatnashgan davlatlarning elchilariga norozilik bildirdi