Ajrimda yarashish muddati berilmasligi mumkin: yangi asoslar taklif qilinmoqda

O‘zbekistonda nikohdan ajratish jarayonida ayrim holatlarda er-xotinga yarashish uchun muddat bermaslik taklif qilinmoqda. Bu haqda 11 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va hozirda Prezident Administratsiyasida ko‘rib chiqilmoqda.
Taklifga ko‘ra, er-xotindan biri zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchragani, alkogol yoki giyohvandlik vositalariga ruju qo‘ygani, OITSga chalingani yoxud uch yil davomida uzrli sababsiz birga yashamagani nikohdan ajratishda yarashish uchun muddat bermaslikka asos bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlashda har bir xotin-qiz uchun individual dastur tuzish amaliyoti joriy etilayotgani aytildi. Bunda oilaning boshqa a’zolari ham qamrab olinib, muammolardan kelib chiqib aniq vazifalar va mas’ullar belgilanadi.
Kattaxonovaning ta’kidlashicha, oiladagi muammo bandlik, uy-joy, sog‘liq, psixologik yoki huquqiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lsa, tegishli xizmatlar oilaga kompleks ravishda ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hozir 10 million 505 ming 139 ta oila mavjud. 2026 yilning dastlabki yetti oyida 115 ming 879 ta nikoh qayd etilgan, shu davrda 29 ming 353 ta ajrim holati kuzatilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1470 taga yoki 5 foizga ko‘p.
Ajrimlarning sabablariga oid tahlilda sudlarga murojaatlarning 54 foizida harakterlarning mos kelmasligi, o‘zaro ishonchsizlik yoki oilaviy hayotga tayyor emaslik kabi sabablar ko‘rsatilayotgani qayd etildi. Ijtimoiy so‘rovda esa ajrimga olib keluvchi omillar sifatida o‘zaro ishonchsizlikni 50 foiz, bir-birini tushunmaslikni 46 foiz, moddiy yetishmovchilikni 34 foiz va uchinchi shaxs aralashuvini 29 foiz respondent ko‘rsatgan.






























Izohlar 0
…