date
views 153

HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarning jasadi topildi: Isroil tasdiqlamoqdami?

HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarning jasadi topildi: Isroil tasdiqlamoqdami?
G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan tunneldan HAMAS harakatining yuqori martabali rahbari Muhammad Sinvarning jasadi topilgani haqida Al Arabiya telekanali o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhammad Sinvar bir necha kun oldin Isroil harbiy aviatsiyasining zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. U bilan birga tunnelda yana 10 nafar yordamchisining ham jasadi topilgan. Hozirda bu jasadlar Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasi hududidan chiqarilgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 13 may kuni Isroil Mudofaa armiyasi (SAHAL) Xon Yunus shahridagi Yevropa shifoxonasiga yirik ko‘lamdagi aviatsiya zarbasini amalga oshirgan edi. Isroil tomoni ushbu shifoxona ostida HAMAS harakatining asosiy qo‘mondonlik punkti borligini ma’lum qilgan.

Biroq Isroil Mudofaa armiyasi rasmiy ravishda hozircha Muhammad Sinvarning o‘ldirilganligini tasdiqlagan emas. Isroil mudofaa vaziri Israel Kas parlament tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasiga bu haqida hozircha aniq tasdiq mavjud emasligini aytgan bo‘lsa-da, “barcha mavjud ma’lumotlar uning yo‘q qilinganiga ishora qilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan.

Muhammad Sinvar 2024 yil oktyabrida Isroil harbiy amaliyoti natijasida G‘azoda halok bo‘lgan HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvarning ukasi hisoblanadi. Uning akasi Yahyo, 2023 yil avgustida HAMAS harakatining siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan so‘ng ushbu lavozimga tayinlangan edi.

Muhammad Sinvar yoshligidanoq HAMAS safiga qo‘shilgan va oxirgi yillarda harakatning yetakchi shaxslaridan biriga aylangandi. Isroil maxsus xizmatlari avval ham uni yo‘q qilishga bir necha bor urinishgan, ammo bu urinishlar natijasiz yakunlangan edi.

Zamin.uz tahririyati mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha yangiliklarni diqqat bilan kuzatib, o‘z o‘quvchilariga yetkazib borishda davom etadi.

Foto: REUTERS
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » HAMAS yetakchisi Muhammad Sinvarning jasadi topildi: Isroil tasdiqlamoqdami?