date
views 185

Putin va Tramp muloqoti: bu gal qanday natija bo‘ldi?

Putin va Tramp muloqoti: bu gal qanday natija bo‘ldi?
Bugun siyosat, urush va mulozamat haqida gaplashamiz. Kecha AQSH prezidenti Donald Trampning kabinetidagi telefon tingani yo‘q. Prezident ikki marta Zelenskiy bilan, bir marta Putin bilan, bir martadan Yevropa liderlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Quyida bu muloqotdagi e’tibor berish kerak bo‘lgan ba’zi jihatlarga to‘xtalamiz. Ishoning, bu juda qiziqarli mavzu.

Zelenskiy bilan ikki marta

19 may kuni Tramp Putin bilan telefon orqali gaplashishi anons qilingandi. Lekin bu suhbat boshlanib ulgurmay uning atrofidagi tafsilotlar chiqa boshladi. Axborot asrida yashayapmiz axir. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp Putin bilan muloqot qilishidan avval ham, keyin ham Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan. Putin bilan muloqotdan keyin Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilganini Trampning o‘zi ham tasdiqladi.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Tramp Putinga telefon qilishidan avval Zelenskiy bilan maslahat qilgan va qaysi masalalarni ko‘tarish mumkinligini so‘ragan. Zelenskiy eng avvalo o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish kerakligini aytgan. Shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasini ko‘targan.

Yana bosimsiz suhbat

Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘ida Putin bilan gaplashganidan keyin post joyladi. Uning gaplaridan kelib chiqadiki, janob Tramp bu gal ham Putinga bosim o‘tkaza olmagan, qaytanga u bilan «juda yaxshi ohangda» suhbat o‘tkazgan.

«Hozirgina Rossiya prezidenti Putin bilan ikki soatlik muloqot o‘tkazdim. Rossiya va Ukraina tezda o‘t ochishni to‘xtatish va urushni butkul tugatish bo‘yicha muzokara boshlaydi. Shartlarni ikki tomon o‘zaro kelishib oladi, chunki muzokaralar detallarini faqat ular biladi. Muloqot ohangi juda yaxshi bo‘ldi.

Bu qonli urushdan keyin Rossiya AQSH bilan katta savdo aloqalari o‘rnatishni istaydi va men bu g‘oyani qo‘llayman. Rossiyada yangi ish o‘rinlari yaratish uchun imkoniyat katta, uning potensiali chegarasiz. Ukraina ham bu davlatni tiklash borasidagi savdo jarayonida muhim tashabbuskorga aylanishi mumkin. Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar tezda boshlanadi. Bu haqda prezident Zelenskiyga aytdim», deb yozdi Tramp.

AQSH prezidentining aytishicha, Putin bilan muloqotidan keyin u Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Fransiya prezidenti Makron, Italiya bosh vaziri Meloni, Germaniya kansleri Mers va Finlandiya prezidenti Stubb bilan gaplashib, suhbat tafsilotlarini bo‘lishgan. Trampning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar uchun navbatdagi maydon Vatikan bo‘lishi mumkin.

Xullas, Trampning gaplaridan kelib chiqadiki, uning Rossiya va Putin haqida fikri o‘zgarmagan. Respublikachi Rossiyaga hech qanday bosim qilmoqchi emas. U shunchaki urushni tugatishga urinayotgan tinchlikparvar odamdek ko‘rinmoqchi go‘yo. Lekin bunaqa «juda yaxshi telefon qo‘ng‘iroqlari» bilan urushni tugatib bo‘lmasligini hamma biladi.

– Telefonni qo‘y
– Yo‘q, avval sen...


Endi videoning eng asosiy joyiga keldik. Esingizda bo‘lsa, sevgi haqida filmlarda ikki sevishgan telefon orqali gaplashsa, qiz va yigit «Telefonni avval sen qo‘y», deb talashar, kinoijodkorlar shu tariqa qahramonlarning bir-biriga mehri cheksiz ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi. Buni qarangki, ikki kap katta erkak gaplashganda ham shunaqa mulozamat bo‘lib turarkan.

Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov esingizda bo‘lsa kerak. Oxirgi vaqtlarda bu amaki Rossiya kanallarida tez-tez chiqish qilib Putinning pozitsiyasini ifoda etib keladi. Kechagi telefon suhbatidan keyin ham chiqish qilgan Ushakov qiziq gaplarni so‘zlab berdi. Uning aytishicha, Putin va Tramp suhbat davomida bir-biriga ismini aytib murojaat qilgan. Shuningdek, ulardan hech biri suhbat yakunida «go‘shakni birinchi bo‘lib qo‘yishni istamagan».

«Bo‘pti, Donald, telefonni qo‘yaqol», «Yo‘q, Vladimir, avval sen!»... Taxminan shunaqa mulozamat kechgan Ushakovning gapiga qaraganda. Buyog‘i Muqumiyning «Tanobchilar» she’ridagi ajoyib misrani eslatadi: «Osh yeyishsa, o‘rtada sarson ilik..».

Bu nima degani?

Biz biroz lirik chekinish qilib Yuriy Ushakov tasvirlagan tafsilotni keltirdik. Lekin Putinning yordamchisi bilibmi-bilmaymi Tramp va Putin muloqotidagi eng muhim qismini oshkor qildi: mulozamatgo‘ylik. Yo‘q, janoblar, bunaqada urushni tugatib bo‘lmaydi...

To‘g‘risi Amerikaga ham, Rossiyaga ham bu urush aytarli bosim qilmayapti. Birini, Trampning ta’biri bilan aytganda, urushdan butun boshli okean ajratib turibdi, birida esa hukumat to‘liq bir odamning irodasiga bog‘liq, istaganicha urusha oladi: xohlasa 21 yil, xohlasa abadiy, buni ochiq aytib bo‘lishdi ham.

Lekin bu ikki gigant davlat o‘zaro mulozamatbozlik qilayotgan bir vaqtda o‘rtada 35 yil avval mintaqadagi boshqa 13 davlat kabi mustaqil bo‘lgan, hech kimga bo‘ysunmay mustaqil rivojlanish yo‘lini tanlagani uchun urush bilan jazolanayotgan boshqa, ulardan ancha kuchsiz davlat ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib bormoqda. Voqelikka mana shu rakursdan qarashingizni so‘ragan bo‘lardim, azizlar. Omon bo‘ling...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Tramp muloqoti: bu gal qanday natija bo‘ldi?