
So‘nggi oylarda Rossiya chegarasida qozog‘istonlik fuqarolarga nisbatan kirish taqiqlari ko‘payib bormoqda. Ayrim hollarda bu jarayon hech qanday rasmiy tushuntirishlarsiz amalga oshirilayotgani e’tiborni tortmoqda. Ayniqsa, jamoatchilikda faol bo‘lgan, Ukraina bilan hamdardlik bildirgan shaxslar bu taqiqlardan ko‘proq jabr ko‘rmoqda.
Bunga yaqqol misol — Qozog‘istonda faoliyati bilan tanilgan «Adolat yo‘li» tashkiloti ijrochi direktori Didar Smagulov. U o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, Rossiya chegarasidan o‘tish paytida FXX chegarachilari unga umrbod Rossiyaga kirish taqiqlanganini ma’lum qilgan. Smagulov ijtimoiy tarmoqlarda ochiq ravishda Ukrainaga himoya-hamdardlik bildirib, Rossiyani «bosqinchi davlat» deb atagan, shuningdek, Ukraina bayroqlari va shiorlarini joylashtirgan edi. 2024 yilda u AQSH Davlat departamentining mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Muammo faqat Smagulov bilan cheklanib qolmayapti. Qozog‘istonlik Yerjan Bateshov ham xuddi shunday vaziyatga tushgan. U Ostonada Rossiyaga uchish uchun tayyorlanayotganda chiptasi bo‘lganiga qaramay, reysga ro‘yxatdan o‘ta olmagan. Unga reys kassasida “Rossiyaga kirish taqiqlangan” degan javob berilgan. Bateshov ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina armiyasining Rossiya obyektiga hujumlarini yorituvchi videoroliklar tarqatgani aniqlangan.
Bundan tashqari, Eliya Axetova ismli qozog‘istonlik ayol 2022 yildan beri Rossiyaga 10 yilga kirish taqiqlanganini ma’lum qilgan.
Bunday holatlar Ukraina fuqarolari uchun ancha odatiy bo‘lganiga qaramay, Qozog‘iston fuqarolari orasida bu kabi ommaviy tendensiya birinchi marta kuzatilmoqda. Rossiyaga kirishda ukrain fuqarolari so‘roq qilinib, chegarada jiddiy tekshiruvlardan o‘tmoqda, ba’zilari 20–50 yilgacha mamlakatga kirishdan mahrum etilmoqda.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Akan Rahmetullin bu boradagi savollarga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir davlat o‘ziga xos suveren qarorlar chiqarishga haqli va kirishni rad etishning sabablari ham oshkor qilinmasligi mumkin. U hozirda Qozog‘istonda Rossiyaga kirish taqiqlangan fuqarolar ro‘yxati mavjud emasligini ta’kidladi.
Aprel oyidan boshlab Rossiya chet elliklar uchun raqamli profil shakllantirish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bu yangi tartib har bir keluvchini oldindan tahlil qilish imkonini yaratadi.
Zamin.uz tahririyatidan:
Fuqarolik jamiyati faollarining chegaradagi bunday muomalaga duch kelishlari xalqaro diplomatik munosabatlar uchun jiddiy signal bo‘lishi mumkin. Muloqot, fikr erkinligi va chegaralar ochiqligi inson huquqlarining asosiy omillaridan hisoblanadi. Siz qanday fikrdisiz: davlat xavfsizligi va fuqarolik faoliyati o‘rtasida qanday muvozanat bo‘lishi kerak? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar