
Janubiy Koreya harbiy-dengiz kuchlariga qarashli P-3C turidagi patrul samolyoti fojiali tarzda halokatga uchradi. Bu haqda Yonhap agentligi mamlakatning Harbiy-dengiz kuchlari bayonotiga asoslanib xabar tarqatmoqda. Ma’lum qilinishicha, ushbu turdagi samolyotning Janubiy Koreya qurolli kuchlari tarixida halokatga uchrashi bilan bog‘liq ilk holatdir.
Hodisa tafsilotlariga ko‘ra, dengiz patrul samolyoti 13:43 da Janubiy Koreyaning Pohang shahridagi aviabazadan rejalashtirilgan mashg‘ulot parvoziga ko‘tarilgan. Biroq oradan bor-yo‘g‘i olti daqiqa o‘tib, ya’ni 13:49 atrofida noma’lum sabablarga ko‘ra yerga qulab tushgan. Samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng, baza yaqinidagi tepaliklarda kuchli tutun paydo bo‘lganini mahalliy aholi ham tasdiqlamoqda.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda izlash-qutqaruv ishlari darhol boshlangan. Joyga o‘t o‘chirish va qutqaruv xizmati tomonidan 17 ta maxsus texnika va qariyb 40 nafar qutqaruvchi jo‘natilgan. Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida samolyot bortida bo‘lgan to‘rt kishidan uch nafarining jasadi topilgan. Ulardan ikki nafari rasman halok bo‘lgan deb e’lon qilindi. To‘rtinchi ekipaj a’zosini qidirish ishlari hozirda davom ettirilmoqda.
Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Li Chju-Xo vaziyatni shaxsan o‘z nazoratiga olib, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kim Son-xoga qidiruv-qutqaruv ishlarini tezlashtirish hamda havo kemasi halokati natijasida atrof-muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriq berdi.
Hodisa yuzasidan maxsus tergov guruhi tuzilib, samolyotning nima sababdan halokatga uchraganini aniqlash bo‘yicha keng qamrovli tergov ishlari boshlandi. Hozircha avariyaning aniq sabablari haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, P-3C samolyotlari Janubiy Koreya harbiy-dengiz floti uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, «suvosti kemalari qotili» sifatida tanilgan. Hozirda mamlakatning harbiy-dengiz kuchlari qo‘lida jami 16 ta shunday samolyot mavjud. Tafsilotlar yuzasidan rasmiy organlar tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar