date
views 535

Belarusda kartoshka mojarosi: Putin va Lukashenko to‘qnashuvi...

Belarusda kartoshka mojarosi: Putin va Lukashenko to‘qnashuvi...
So‘nggi oylarda Belarus aholisi mamlakatda kartoshka narxining keskin ko‘tarilganidan xavotirga tushgan va bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mamlakatda "ikkinchi non" deb ataluvchi kartoshkaning bahosi bir kilogrammi uchun 0,3-0,4 yevrodan 1,4 yevrogacha ko‘tarildi. Bu esa har yili millionlab tonna kartoshka yetishtiruvchi mamlakat uchun juda katta o‘zgarish hisoblanadi.

Kartoshka narxining oshishi nafaqat oddiy aholining kundalik hayotiga ta’sir qildi, balki ikki davlat rahbarlari – Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi munosabatlarda ham keskinlikka sabab bo‘ldi.

Bu yil may oyi boshlarida Aleksandr Lukashenko mamlakatda kartoshka taqchilligi yuzaga kelganini tan olib, bu holatda birinchi navbatda mahalliy fermerlarni ayblagan edi. Shuningdek, Lukashenko mamlakatning asosiy eksport mahsulotlaridan biri bo‘lgan kartoshkaning Rossiyaga haddan ziyod ko‘p sotilganini ta’kidlab, ushbu holatni qo‘shni davlatga yozg‘ira boshladi.

Belarus, haqiqatdan ham, Rossiya uchun eng asosiy kartoshka eksportchilaridan biri hisoblanadi. 2024 yilda bu mamlakat Rossiyaga 170 ming tonnadan ortiq kartoshka sotgan. Ammo bu savdo Belarusning ichki bozorida taqchillik yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lgan.

Rossiyada ham xuddi shunday vaziyat kuzatilmoqda. Prezident Vladimir Putin 26 may kuni tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida mamlakatdagi kartoshka muammosiga e’tibor qaratib, Belarusdan kartoshka sotib olishni yanada oshirishni taklif qildi. Shu paytda prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin Belarusda ham kartoshka zaxiralari qolmaganini aytganida, Putin hayratga tushib qolganini yashirolmadi.

Shu mavzuda DW chizgan karikatura.
Shundan so‘ng Lukashenko ham pozitsiyasini o‘zgartirdi. Bir necha kun avval u Brest viloyatiga qilgan safari davomida vaziyatni yaxshilash uchun fermerlarga murojaat qilib, kartoshka ekishni ko‘paytirishni talab qildi. Shuningdek, prezident oddiy aholiga ham o‘z tomorqalarida kartoshka ekishni tavsiya qildi.

Kartoshka masalasi Belarus uchun faqat iqtisodiy emas, balki geosiyosiy ahamiyat kasb eta boshlagani ko‘rinmoqda. Lukashenko hatto vaziyatni yumshatish maqsadida avval «dushman» sifatida ta’riflangan Yevropa Ittifoqidan sabzavot va meva mahsulotlari importiga nisbatan taqiqlarni bekor qilishga ham rozi bo‘ldi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu yil kartoshka yetishtirish hajmi sezilarli darajada kamayishiga qishloq xo‘jaligi xarajatlarining keskin oshib ketishi sabab bo‘lgan. Yonilg‘i, o‘g‘it, texnikalar va ishchilarning ish haqi oshgani fermerlar uchun jiddiy muammolar yaratgan. Qolaversa, sovuq ob-havo ham hosilning pasayishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, kartoshka saqlash uchun zarur omborxonalarning yetishmasligi va davlat tomonidan mahsulotga belgilangan narxlar ham fermerlarning faoliyatiga katta ziyon keltirmoqda.

Kartoshkaning narxi ko‘tarilishi fonida Belarus chegaralarida kartoshka eksporti, xususan, Rossiyaga olib chiqilishi ustidan jiddiy nazorat o‘rnatildi. Shu orqali mamlakat ichki bozordagi vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Belarusdagi kartoshka muammosi nafaqat ichki iqtisodiy masala, balki ikki mamlakat prezidentlari o‘rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir qilgan geosiyosiy vaziyatga aylanib qoldi. Bu mavzu yaqin oylarda ham ko‘plab siyosiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belarusda kartoshka mojarosi: Putin va Lukashenko to‘qnashuvi...