
Jahon chempionati saralashi doirasida 5 iyun kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston hamda BAA terma jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yin oldidan keskinlik oshib bormoqda. Ammo bu keskinlik futbol maydonidan tashqarida, aeroportlarda va muxlislar orasida kuzatilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, BAAga borgan ko‘plab o‘zbekistonlik jurnalist va muxlislar hech qanday rasmiy tushuntirishsiz soatlab ushlab turilgan, ba’zilar esa bir sutkagacha aeroportlarda qiyin ahvolda qolgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Abu-Dabi va Sharja aeroportlaridagi bu holatlar shu paytga qadar davom etmoqda. Aniq izoh bermasdan turib, ayrim jurnalistlarga mamlakatdan deportatsiya qilish ehtimoli haqida ogohlantirishlar berilgani aytilmoqda. Ammo BAA rasmiylari tomonidan hozircha bu holatlarga nisbatan biror rasmiy bayonot berilmagan.
"Daryo" nashrining Abu-Dabidagi ishonchli manbasiga ko‘ra, vaziyatni hal qilish maqsadida O‘zbekistonning BAAdagi diplomatik konsulliklari aralashishga majbur bo‘lgan. Ayrim jurnalistlarga nisbatan chiqarilgan deportatsiya qarorlari diplomatlar aralashuvi bilan bekor qilingan va ular mamlakat hududiga kirib kelishga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, diplomatik vakillar aeroportlarda qiyinchilikka uchragan boshqa o‘zbekistonliklar bilan ham ishlashni davom ettirmoqda.
Biroq, vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan asosiy masala javobsiz qolmoqda: aynan futbol o‘yini arafasida o‘zbek muxlislari va jurnalistlariga bunday cheklovlar nima sababdan qo‘llanmoqda?
Tahlilchilar va jurnalistlarning fikricha, bu hech qanday tasodifiy tekshiruv yoki tartib-intizom tadbirlari emas, balki psixologik bosim va raqibni ruxiy jihatdan sindirishga qaratilgan harakatlardir.
O‘zbekistonlik jurnalist Shuhrat Shokirjonovning ma’lum qilishicha, BAAda faoliyat yuritayotgan bir o‘zbek tadbirkori mahalliy politsiya idorasiga chaqirtirilgan. U yerda tadbirkorga xodimlarining futbol uchrashuviga tashrif buyurib, jamoaviy tarzda qo‘llab-quvvatlash harakatlarini amalga oshirgan taqdirda, mamlakatdan deportatsiya qilinish ehtimoli haqida jiddiy ogohlantirish berilgan va rasmiy tarzda tilxat imzolatilgan. Bu holat esa vaziyatning oddiy bo‘lmaganidan darak beradi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston muxlislariga stadionga milliy bayroq, doira, surnay kabi ovozli vositalar olib kirishga ham taqiqlar o‘rnatilishi mumkin. Bu kabi cheklovlar esa sportning tamoyillariga va muxlislar huquqlariga ziddir.
Jurnalist Azamat Umarov ham shu mavzuda o‘z fikrini bildirib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik muxlislarga nisbatan qo‘yilayotgan cheklovlar sportchilik ruhiga mutlaqo mos kelmaydi va buning ortida aniq siyosiy va psixologik bosim turibdi.

Telejurnalist Hasan Turdialiyev esa o‘zining Telegram kanalida vaziyatning qanchalik og‘irligini yoritib bergan. U ham BAA aeroportida ushlab turilgan va bir necha o‘zbekistonlikning pasportlari hech qanday asos ko‘rsatilmasdan olib qo‘yilganini ma’lum qilgan. Hatto konsullikning aralashuvi ham tezkor yechim topishiga imkon bermagan.
Futbolning asl qoidasida raqobat faqat va faqat maydon ichida bo‘lishi lozim. Biroq BAAdagi holatlar futbol etikasi va muxlislar huquqlari nuqtayi nazaridan juda katta savollarni paydo qilmoqda. Temur Kapadze boshchiligidagi milliy jamoamizga bunday tashqi bosimlarga qaramasdan, o‘z ruhiyatini saqlab qolib, muhim o‘yinga e’tiborini qaratish talab etiladi.
Bu kabi bosimlarga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinga shay ekani, bu qiyinchiliklar futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qilmasligiga umid qilinadi. Faqat maydondagi sof futbol hal qiluvchi bo‘lsin!
Foto: X/SherzodRajabov “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar