date
views 1 030

Moskva markazida chechenlar armani tadbirkor Areg Shepixinni o‘g‘irlashdi (video)

Moskva markazida chechenlar armani tadbirkor Areg Shepixinni o‘g‘irlashdi (video)
Moskva markazida 3 iyun kuni kechqurun bir kishi o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda birinchi bo‘lib «Baza» va «Ostorojno, novosti» telegram-kanallari xabar berdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Yaroslavl vokzali yaqinidagi maydonda bir necha kishi bir kishini ko‘tarib, miltillovchi chiroq va AMR seriyali raqamlar o‘rnatilgan qora «Mersedes» yukxonasiga tiqib qo‘ygan. Guvohlarning videosida sport kostyumlari yoki qora pidjak kiygan bir necha soqolli erkaklar o‘g‘irlangan shaxsni mashina tomon sudrab ketayotgani, u «Yordam bering!», «Kerak emas!» va «Politsiya!» deb baqirganini ko‘rish mumkin. «Baza»ning ta’kidlashicha, «aksentiga qaraganda», odam o‘g‘rilari chechenistonliklar bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay o‘g‘irlangan shaxs kimligi ma’lum bo‘ldi – Areg Shepixin (turli ma’lumotlarga ko‘ra, u 39 yoki 40 yoshda). «Ostorojno, novosti» nashri yozishicha, Shepixin Ximkida yashaydi, «o‘zini tadbirkor, Rossiya qahramoni va top-menejer deb ataydi». Telegram-kanalning aniqlashicha, 2019 yilda u «Rossiya – imkoniyatlar mamlakati» tanlovida ishtirok etgan, keyin esa «ijtimoiy tarmoqlarda g‘alati postlar yoza boshlagan». «Baza»ning ta’kidlashicha, Shepixin o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida doimiy ravishda taniqli shaxslar, jumladan, Putinning yordamchisi Vladimir Medinskiy, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR rahbari Denis Pushilin, TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova bilan tushgan suratlarini joylashtirib kelgan.

Bundan tashqari, «Baza»ning aniqlashicha, Shepixin bir necha marta chechen xalqi, Alloh va Qur’onni haqoratlab video yozgan. Uning onasi «Baza»ga o‘g‘li Tog‘li Qorabog‘dagi urush tufayli ham musulmonlarga va islom diniga «keskin salbiy munosabatda bo‘la boshlagan». Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Areg urushda qatnashmagan, «ammo o‘sha voqealarni faollik bilan kuzatib borgan va urushning natijalarini juda og‘ir qabul qilgan». «Ostorojno, novosti»ning yozishicha, Shepexin navbatdagi haqoratli videosini 3 iyun kuni e’lon qilgan. Video «chechen blogerlarga yetib borgan va ular videoni yanada keng tarqatib», «ushbu erkakni tutish va jazolash»ni talab qilgan, deyiladi telegram-kanal xabarida.

Areg so‘nggi videosini 3 iyun kuni o‘g‘irlab ketilishidan bir necha daqiqa oldin yozgan. Unda u Yaroslav vokzali bo‘ylab yurib, blogerlar Dmitriy Portnyagin va Grigoriy Avetov haqida gapirib, «ular 10–15 yildan buyon giyohvand moddalar qabul qilishi»ni aytadi. «Umuman olganda, „Transformatsiya“, „Biznes-klub 500“ [forumlarini] o‘tkazgan ushbu to‘lqin va Amerika bilan qisman aloqada bo‘lgan hamda qandaydir munosabatlarni saqlab turgan barcha yigitlar – mamlakatimiz uchun eng katta tahdiddir», – deydi Shepixin.

«Baza»ning xabar berishicha, o‘g‘irlikdan taxminan bir yarim soat o‘tgach, qora «Mersedes» Kiyev shossesi yaqinida to‘xtatilgan. Bungacha uni Skolkovo hududida qo‘lga olishga urinishgan, biroq u «ta’qibdan qochib ketgan», deb yozadi nashr. Biroq, o‘g‘irlangan shaxs qayerda bo‘lgani – noma’lum: dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «Mersedes» qo‘lga olingan vaqtda u mashinada bo‘lmagan.

TASS agentligi huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berishicha, politsiya o‘g‘irlik bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda. «O‘g‘rilarning shaxsi va sodir bo‘lgan voqea sababi aniqlanmoqda», – degan TASS suhbatdoshi. Agentlik boshqa tafsilotlarni keltirmagan.

Shepixin olib ketilgan avtomobil 4 iyun kuni ertalab Yaroslavl vokzaliga qaytarib olib ketildi, deb yozadi «Baza» va Mash telegram-kanallari. U yerda tergov harakatlari olib borilmoqda. Keyinroq Shot telegram-kanali olti nafar shaxs politsiya bo‘limidan chiqarib yuborilayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Qo‘lga olinganlarning uch nafari politsiyachilarga Rosgvardiyaning amaldagi xodimlari ekanliklarini aytishgan, deb yozadi telegram-kanal. Odam o‘g‘rilari bo‘limdan o‘sha «Mersedes»da jo‘nab ketishgan. Muxbirning o‘g‘irlangan shaxs qayerda ekani haqidagi savoliga javob berilmagan.

O‘g‘rilar Rosgvardiya xodimlari ekani, vaziyat esa «jinoyat emas, balki tezkor tadbir» ekanini aytishgan, deb xabar beradi «Zvezda» telekanali. Rosgvardiyaning o‘zi bu ma’lumotni tasdiqlamagan va rad ham etmagan.

Keyinroq Checheniston respublikasining milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Axmed Dudayev Shepixin «o‘g‘irlab ketilmagani, balki qo‘lga olingani»ni aytib chiqdi. Dudayevning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shepixinga nisbatan «dindorlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish maqsadida» ommaviy harakatlar sodir etgani uchun Jinoyat kodeksining 148-moddasi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda. Shepixin, Dudayevning ta’kidlashicha, «ochiq, oshkora va bir necha bor etnik tozalash va natsizmga chaqirgan, din va Xudoni haqorat qilgan, shuningdek, aniq ekstremistik qarashlarni bildirgan».

IIVda ma’lum qilishlaricha, 3 iyun kuni kechqurun politsiyachilar Yaroslavl vokzalida «jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan» olti nafar «voqea ishtirokchisi»ni qo‘lga olgan. Idoraning ta’kidlashicha, qo‘lga olinganlar Moskva-Yaroslavskaya stansiyasidagi bo‘limga olib ketilgan, tekshiruv materiallari esa tergov organlariga topshirilgan. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Checheniston aholisiga nisbatan «provokatsion bayonotlar bilan videolar» joylashtirgan «blogerga nisbatan» tekshiruv boshlangani haqida xabar berdi. Blogerning ismi keltirilmagan. IIVning ma’lum qilishicha, tekshiruv Ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilmoqda.

«Baza» va Shot telegram-kanallari Shepixin ozodlikda ekani haqida xabar berdi. «Baza» ma’lumotiga ko‘ra, uni yarim tunda qo‘yib yuborishgan va u Moskvadagi hostellardan birida bo‘lib turibdi. «Baza» o‘g‘irlikdan keyin Shepixin kaltaklanib, videoda «tavba qilish»ga majburlangani hamda Ukraina bilan aloqalarda ayblangani haqida yozgan. Keyinroq mazkur telegram-kanalda e’lon qilingan videoda Shepixinning o‘zi «shubhali nomer, yolg‘on migalka o‘rnatilgan mashinada, surbetlarcha» o‘g‘irlab ketilgani haqida hikoya qiladi. Rolikda Shepixinning yuzida ko‘karish va shilinishlar borligini ko‘rish mumkin. «Bungacha ham kichik janjal bo‘lgandi, men politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, tezda yetib kelishni so‘radim. Vokzalda politsiya tayanch punkti bo‘lishi yoki hech bo‘lmaganda joylarda birorta xodim turishi kerak edi – lekin ulardan hech kim yo‘q edi», – deydi u.

Shepixinning so‘zlariga ko‘ra, uni «qattiq qiynashmagan, ko‘proq so‘roq qilishgan». «Ular Ukraina bilan qandaydir kontakt o‘rnatganmanmi yoki muxolifat bilan aloqalarim bormiligiga qiziqishdi. Ular meni uzoq vaqt davomida, taxminan bir yildan beri ijtimoiy tarmoqlarda qo‘rqitib kelishdi. Va men hamisha sabr qildim. Xalq menga „lapashangsan“ deya boshladi. Shundan keyin chidab bo‘lmay qoldi. Va men chechenlarga ham, musulmonlarga ham javob qaytardim va ular bunga reaksiya qilishdi», – deya izohlaydi Shepixin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskva markazida chechenlar armani tadbirkor Areg Shepixinni o‘g‘irlashdi (video)