Chirchiqda yuk mashinasining yarim tirkamasi xonadonga urildi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Howo yuk mashinasiga ulangan yarim tirkama ajralib chiqib, yo‘l chetidagi xonadonga urildi. Hodisada hech kim jabrlanmadi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 10 sentyabr kuni soat 16:00 atrofida shaharning Sadriddin Ayniy ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1977 yilda tug‘ilgan haydovchi Howo rusumli yuk mashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda unga ulangan yarim tirkama texnik sababga ko‘ra ajralib chiqqan. Shundan so‘ng tirkama yo‘l chetidagi xonadonga borib urilgan.
Hodisa oqibatida yo‘lda transport harakati vaqtincha cheklangan va avtomobillar uchun aylanma yo‘nalish tashkil etilgan. Keyinchalik yo‘l harakati to‘liq tiklangan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetmagan. Xonadonga yetkazilgan zarar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi ma’lum qilingan.
Hozirda holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






























Izohlar 0
…