date
views 1 316

Rossiyada IELTS topshirish qamoq jazosiga olib kelishi mumkin!

Rossiyada IELTS topshirish qamoq jazosiga olib kelishi mumkin!
Rossiya Federatsiyasida xalqaro til sertifikati sifatida keng tarqalgan IELTS imtihonini topshirish fuqarolar uchun jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi va Federal xavfsizlik xizmati tomonidan berilgan rasmiy ogohlantirishlarda ta’kidlandi.

Hozirda imtihonni tashkillashtiruvchi British Council tashkiloti Rossiyada “nomaqbul” deb topildi. Prokuratura da’volariga ko‘ra, British Council o‘zining ta’lim va madaniy faoliyati orqali Buyuk Britaniya manfaatlarini, shu jumladan, LGBT targ‘ibotini yashirin ravishda ilgari surmoqda.

Bosh prokuraturaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, tashkilot "ma’rifiy faoliyat niqobi ostida Britaniya qadriyatlarini" tarqatishga harakat qilmoqda. Shu sababli, ushbu tashkilot bilan hamkorlik qilgan yoki uning tadbirlarida ishtirok etgan shaxslar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 284.1-moddasiga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Xalqaro huquqshunos Artyom Kliga ta’kidlashicha, hatto IELTS imtihonini chet elda topshirish ham “nomaqbul tashkilotni moliyalashtirish” sifatida baholanishi ehtimoli bor. Bunday holda shaxs 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Bundan tashqari, British Council faoliyatiga oid havolalar, materiallar va reklama turlarini jamoatchilikka taqdim etish Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 20.33-moddasiga muvofiq “nomaqbul tashkilot faoliyatida ishtirok etish” sifatida baholanadi.

Yurist Anastasiya Burakova fikriga ko‘ra, jismoniy shaxslarga 15 ming rublgacha, yuridik shaxslarga esa 100 ming rublgacha jarima solinishi mumkin.

2021 yilda “Oxford Russia Fund” ham shunday maqomga ega bo‘lgan va shundan beri ilmiy, ma’rifiy faoliyat bilan bog‘liq ko‘plab xalqaro loyihalar to‘xtatilgan edi.

Mamlakatdagi o‘quvchi va talabalar hamjamiyati orasida mazkur qaror katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Chunki IELTS nafaqat ta’lim sohasida, balki ishga joylashish va ko‘chish jarayonlarida ham asosiy talablardan biri hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada IELTS topshirish qamoq jazosiga olib kelishi mumkin!