Parijda odamlarni shprits bilan qo‘rqitgan bloger qamoq jazosiga hukm qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Parij ko'chalarida odamlarni shprits bilan qo'rqitgan TikTok blogeri Ilan M. olti oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.
- Uning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolari, ayniqsa, shprits orqali hujumlar haqidagi qo'rquv kuchaygan davrda jamoatchilikda keskin norozilikka sabab bo'lgan.
Fransiyalik TikTok blogeri Parij ko‘chalarida odamlarga bo‘sh shprits bilan ukol qilayotgandek ko‘rinib, ularni qo‘rqitgani uchun olti oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolari jamoatchilik orasida keskin norozilikka sabab bo‘lgan.
Amin Mojito taxallusi bilan tanilgan, asl ismi Ilan M. bo‘lgan bloger Parij ko‘chalarida tasodifiy yo‘lovchilarga shprits sanchishga uringanday harakatlarini tasvirga olib, internetga joylashtirganidan so‘ng mashhurlikka erishgan. Bu voqealar esa odamlar orasida shprits orqali hujumga uchrashdan haqiqiy qo‘rquv kuchaygan davrda sodir bo‘lgan.
Blogerga «mehnatga layoqatsizlikka olib kelmagan, qurol sifatida ishlatilgan buyum bilan zo‘ravonlik sodir etish» ayblovi qo‘yilgan. Shunga qaramay, u o‘z harakatlarini oqlashga urinib, hech kimga zarar yetkazishni maqsad qilmaganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu kabi hazillarni boshqa mamlakatlarda, jumladan, Ispaniya va Portugaliyadagi internet videolarida ko‘rgan va ularni o‘zini tanitish uchun takrorlagan.
Biroq prokuratura vakillari bu «hazil»lar ayrim jabrlanuvchilarga jiddiy ruhiy ta’sir ko‘rsatganini ma’lum qildi. Hatto ba’zi odamlar ruhiy holatini tekshirish uchun shifoxonaga yotqizilishga majbur bo‘lgan.
«Boshqalarni emas, o‘zimni o‘ylaganman»
Ilan M. sud jarayonida qilgan ishidan afsusda ekanini bildirgan. U internetda ko‘rgan videolarga taqlid qilganini tan olib, bu harakatlar boshqalarga qanchalik og‘ir ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmaganini aytgan.
«Men internetda, Ispaniya va Portugaliyada ko‘rgan narsalarimga taqlid qilib, bunday hazillarni amalga oshirishdek juda yomon fikrga bordim. Bu odamlarga zarar yetkazishi mumkinligini o‘ylamaganman. Mening xatoim shu bo‘ldi — boshqalarni o‘ylamadim, faqat o‘zimni o‘yladim», — dedi Ilan M. sudda.
Prokuratura blogerning harakatlari vaqtida hech kimga haqiqiy ukol qilinmaganini tasdiqladi. 27 yoshli erkak shpritsning himoya qopqog‘ini yechmagan. Ammo ayblov tomonining fikricha, u bu harakatlarni ataylab yoki oqibatini anglamagan holda sodir etganidan qat’i nazar, begona odamlarga nisbatan hujumlarni rag‘batlantiruvchi qo‘rquv muhitini yuzaga keltirgan.
Ushbu hazillardan jabrlangan ko‘plab odamlar ruhiy zarba olgan. Ulardan biri o‘zini virus yuqtirib olgan deb o‘ylagan paytdagi holatini «dahshatli tush»ga qiyoslagan.
Sud blogerning harakatlarini jiddiy deb baholadi
Amin Mojitoning advokati suddan mijoziga nisbatan yengillik ko‘rsatishni so‘ragan. Biroq sudya blogerning xatti-harakatlari jamiyatdagi qo‘rquv muhitini kuchaytirishga hissa qo‘shgan, degan xulosaga kelgan. Qizig‘i shundaki, uning qilmishlari bo‘yicha politsiyaga rasmiy murojaatlar soni ko‘p bo‘lmagan.
Sud qaroriga ko‘ra, Ilan M. 12 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ushbu muddatning olti oyi amalda qamoqda o‘taladi, qolgan olti oyi esa shartli ravishda qoldiriladi.
Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq e’tibor qozonish maqsadida qilingan hazillar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, odamlar hayoti va xavfsizligiga tahdid bordek tuyuladigan harakatlar shunchaki ko‘ngilochar video sifatida qabul qilinmasligi mumkin.






























Izohlar 0
…