date
views 379

“O‘rgimchak to‘ri”ga Rossiyaning javobi qanday bo‘ladi?

“O‘rgimchak to‘ri”ga Rossiyaning javobi qanday bo‘ladi?
“Geosiyosat” haftaligida siyosiy tahlilchilar Ukraina maxsus xizmatlarining “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasiga Rossiyaning javobini muhokama qildi.

Abduvali Soyibnazarov: Menimcha, 6 iyun kuni Rossiya 400 dan ortiq dronlar bilan qilgan hujumni shu javob zarbasi sifatida talqin qilsak bo‘ladi. Albatta, bu zarbalar avvalgilariga nisbatan shov-shuvli emas. Balki bunga Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon so‘zlashuvi ham ta’sir qilgandir. Ya’ni Vladimir Putin Yevropa davlatlari yoki NATO tomonidan qilinadigan tahdidlardan emas, balki Trampning bosimidan ko‘proq xavotir oladi deb o‘ylayman.

Masalan, shu kunlarda AQSHdagi bir qancha senatorlar Rossiyadan neft, neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uran sotib oluvchi mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik bojlar joriy qilinadigan qonun loyihasini ishlab chiqishyapti. Bu qonun imzolansa, Kreml uchun jiddiy zarba bo‘ladi.

Bektosh Berdiyev: Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasiga nisbatan Rossiyaning javob zarbasi degan gaplarga qo‘shilmayman va bu mantiqan noto‘g‘ri. Chunki Ukrainaning besh aerodromga qilgan hujumi aslida Rossiyaga javob zarbasi edi. Sababi Rossiya 2022 yildan buyon doimiy tarzda Ukrainaga raketa zarbalari yog‘diradi. Rossiya bugungi kungacha bor imkoniyatidan foydalanib kelyapti. Moskva doimgidek urushni davom ettiradi xolos.

Albatta, Rossiyada bugun tanklar, o‘q-dorilar, gaubitsalar va umuman harbiy qurilmalari ko‘p, lekin frontdagi vaziyatni keskin o‘zgartira oladigan natijalar qilishni uddalay olmayapti. Shuning uchun ham Rossiyadan sensatsion javob zarbasini kutmaslik kerak, doimgidek urush olib borishda davom etaveradi.

Zokir Usmonov: Haqiqatan, Rossiya tomonidan ham jiddiy zarbalar bo‘lgani yo‘q, chunki muhim zarbalarning katta qismi Tu-95, Tu-160 orqali berilar edi. Ukraina maxsus operatsiyasi raqibning bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarini chekladi. Bundan tashqari, Zelenskiy o‘z chiqishida: “Agarda Rossiya yana o‘zini shunaqa tutadigan bo‘lsa, yana boshqa bir zarbalar ham bo‘lishi mumkin” degan bayonot ham berdi. Ya’ni Rossiya tavakkal qilmadi, chunki Turkiyadagi muzokaralarda Medinskiy Ukraina sha’niga nisbatan keskin gaplar aytgan edi.

Rossiya tasavvurida Ukrainaning asosiy qo‘llovchisi bu – AQSH, Tramp esa Ukrainani yolg‘iz qoldirayotgandek edi. Kiyev, mana, endi biz bilganimizni qilamiz, deganday mustaqil operatsiya o‘tkazdi. Natijada Rossiyaning strategik aviatsiyasi katta yo‘qotishlarga uchradi.

Shuhrat Rasul: Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi natijasida Rossiya yadro triadasining bir qismi yo‘q qilindi. Ukrainalik ayrim faollar aytishicha, bu birinchi qism ekan. Ya’ni buning davomi ham bo‘lishi mumkin. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda favqulodda bir xabarlar tarqaldi, Rossiyaning yadro qurollari va infratuzilmasi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘ldi (2025 yil iyun oyida nashr etilgan hujjatlar Rossiya yadro infratuzilmasi kengaytirilganidan dalolat beradi, bu hujjatlarda Yasniy hududidagi yadro bazalari, Avangard gipersonik raketalarini joylashtirish va mustahkamlash ishlari haqida batafsil ma’lumotlar mavjud – tahr.). Qanday yadro qurollari, mamlakatning qaysi nuqtasiga joylashtirilgani haqidagi maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi haqidagi xabarlarga Rossiya tomoni munosabat bildirmayapti. Chunki ular ham navbatdagi ehtimoliy nishon bo‘lishi mumkin.

Ukrainaning keyingi nishoni suvosti kemalari bo‘lishi mumkin ekan. Bu haqda rus faollari ham yozyapti.
***
Siyosiy tahlilchilar efir davomida Tramp va Mask o‘rtasidagi nizoning yangi tafsilotlari, Rossiya va Ukraina dronlarining salohiyati, Ozarboyjonning “Asr shartnomasi” kabi haftaning dolzarb mavzularini muhokama qilishdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “O‘rgimchak to‘ri”ga Rossiyaning javobi qanday bo‘ladi?