date
views 335

Belgrad Kiyevga yaqinlashyaptimi? Vuchich Ukrainaga safar qildi

Belgrad Kiyevga yaqinlashyaptimi? Vuchich Ukrainaga safar qildi
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 11 iyun kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri ilk rasmiy tashrifi bilan Ukrainaga yetib keldi, deb xabar berdi Serbiya rahbariyati matbuot xizmati. Prezidentning tashrifi Odessada o‘tkazilgan Ukraina – Janubi-Sharqiy Yevropa sammitida ishtirok etish maqsadida amalga oshirildi. Bir kunlik safar avvaldan e’lon qilinmagan va yaqin doiradagina amalga oshirilgan.

Sammit doirasida Aleksandr Vuchich Serbiya tomonidan Ukrainaga bir yoki ikkita shahar yoki hududni tiklashda yordam berish taklifini bildirdi. Shu orqali Belgrad rasmiy Kiyevga nisbatan o‘zining hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasini ochiq ko‘rsatdi. Vuchich, shuningdek, Serbiya Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Odessadagi sammit asosan Qora dengizdagi xavfsizlik, energetika va mintaqaviy hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan. Tadbirda bir qator mintaqaviy yetakchilar ham ishtirok etdi: Moldova prezidenti Mayya Sandu, Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich va Ruminiyaning yaqinda saylangan yangi prezidenti Nikushor Dan, u Ukrainaga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi.

Aleksandr Vuchichning tashrifi xalqaro maydonda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki Serbiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi harakatlarini rasman qoralamagan davlatlardan biri hisoblanadi. Garchi Belgrad Moskva tomonidan Ukraina hududlarining anneksiya qilinishini tan olmasa-da, Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod sifatida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etishdan bosh tortayotgan yagona Yevropa davlatlaridan biri sanaladi.

Shu bilan birga, Vuchichning may oyida Moskvaga qilgan safari Yevropa Ittifoqi rahbarlarining tanqidlariga sabab bo‘lgan edi. U o‘sha yerda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda ishtirok etgan.

Aleksandr Vuchich 2017 yildan buyon Serbiya prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning Ukrainaga qilgan kutilmagan tashrifi Belgradning tashqi siyosiy yuzlanishi yangi bosqichga kirgani haqidagi fikrlarni kuchaytirmoqda. Bu tashrif, shuningdek, Serbiyaning Yevropa Ittifoqi yo‘lidagi harakatlarini tezlashtirishga bo‘lgan harakat sifatida ham baholanmoqda.

Bir kunlik, ammo ahamiyatli uchrashuvlar bilan to‘lgan Odessa safarining natijalari nafaqat Kiyev, balki Bryussel va Moskvada ham diqqat bilan kuzatilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belgrad Kiyevga yaqinlashyaptimi? Vuchich Ukrainaga safar qildi