date

Isroil yadroviy tahdidga qarshi Xomanaiyni yo‘q qilishni istisno etmadi

Isroil yadroviy tahdidga qarshi Xomanaiyni yo‘q qilishni istisno etmadi
Yaqin Sharqda keskinlashib borayotgan Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat yangi va xavfli bosqichga kirdi. The Wall Street Journal nashri isroillik yuqori martabali amaldorga tayanib xabar berishicha, Isroil yadroviy tahdiddan himoya qilish maqsadida Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni o‘ldirish imkoniyatini istisno etmayapti. Manbaning aytishicha, Oyatullohning yo‘q qilinishi Isroil uchun “tabu emas” va mamlakat xavfsizligi uchun zarur deb topilsa, shunday qaror qabul qilinishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush “Tehron o‘z yadroviy dasturidan voz kechmaguncha yoki Isroil Eronning bu salohiyatini to‘liq yo‘q qilmaguncha” davom etadi. Isroil rasmiylari yadroviy infratuzilmaga zarbalar bilan cheklanib qolmaslik, balki dushmanning siyosiy va harbiy barqarorligiga ham putur yetkazish maqsadida harakat qilishmoqda. Bu haqida Isroilning 12-kanali ham hukumatdagi o‘z manbasiga tayanib ma’lumot bergan.

Ziddiyatning kelib chiqishi va joriy holatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eron yadro quroli yaratishga yaqinlashgani sababli yadroviy va harbiy obyektlarga zarbalar berdi. Bu havo hujumlari natijasida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining bir necha rahbarlari, shuningdek, yetakchi fizik-yadroshunos olimlar halok bo‘ldi. Xususan, Korpus qo‘mondoni Husayn Salamiy, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Muhammad Baqeriy, “Xotam al-Anbiyo” bo‘linmasi qo‘mondoni G‘ulom Ali Rashid, olimlar Faridun Abbosiy Davoniy va Ozod Muhammad Mahdiy Tehronchiy kabilar qurbonlar qatorida. Jami 78 kishi halok bo‘lgan, 320 dan ortig‘i turli jarohat olgan.

Isroilning bu hujumlariga javoban, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy bu harakatlarni ochiq urush deb baholadi. “Urushni ular boshlashdi. Biz ularning o‘sha yovuzligidan keyin omon qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Xomanaiy o‘z murojaatida. Shu kuni kechqurun Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi “Haqiqiy va’da-3” javob operatsiyasini boshlaganini e’lon qildi va Isroilga uch marta raketali zarba berdi.

Vaziyat tobora keskinlashib borayotgan bir paytda, mintaqada xavfsizlik va tinchlik masalalari yanada dolzarb tus olmoqda. Isroil yadroviy tahdidga qarshi qay darajada qat’iy chora ko‘rishi mumkinligi, mintaqaviy va global oqibatlar nimalarga olib kelishi borasida barcha xalqaro hamjamiyat jiddiy kuzatuvda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil yadroviy tahdidga qarshi Xomanaiyni yo‘q qilishni istisno etmadi