
Yaqin Sharqdagi qarama-qarshiliklar yangi va o‘ta xavfli bosqichga ko‘tarildi. Isroil mudofaa kuchlari (IDF) 13 iyun kuni Eronga qarshi boshlangan “Isyonkor sher” harbiy amaliyotining birinchi bosqichi yakunlanganini rasman e’lon qildi. Mazkur operatsiya Isroil tarixida “tarixiy” deb baholanmoqda va asosan Eronning yadroviy loyihasi, harbiy bazalari hamda raketa infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratildi.
Operatsiya doirasida Isroil armiyasi tomonidan o‘ndan ortiq yuqori martabali eronlik harbiylar nishonga olindi va yo‘q qilindi. Shu bilan birga, mamlakatning muhim harbiy obyektlari, jumladan, Natanz yadroviy majmuasining yer usti qismiga katta zarar yetkazildi. Shuningdek, bir qator raketa uchiruvchi qurilmalar ham yo‘q qilingani qayd etildi.
Tehron rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning havo zarbalari oqibatida kamida 200 nafar odam halok bo‘lgan, 1200 nafardan ziyod inson esa turli darajada jarohatlangan. Bu ko‘rsatkichlar Yaqin Sharqdagi mojaro qay darajada keng qamrovli va halokatli tus olganini yaqqol namoyon etmoqda.
Isroilning keskin hujumlariga javoban Eron “Haqqoniy va’da 3” deb nomlangan javob operatsiyasini boshladi. Eron tomoni bu amaliyot doirasida Tel-Aviv va Hayfa shaharlariga bir necha bor ballistik raketa zarbalari yo‘lladi. Janjal oqibatida Isroil hududida 24 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 600 nafarga yaqin fuqaro turli jarohatlar oldi.
Bu voqealar Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Mudofaa salohiyati, yadroviy obyektlar va tinch aholi o‘rtasida qurbonlar soni oshib borayotgani xalqaro hamjamiyatni jiddiy tashvishga solmoqda.
Mazkur to‘qnashuvlar mintaqada xavfsizlik muvozanatini yo‘qotishi va keng qamrovli harbiy qarama-qarshiliklarga yo‘l ochishi mumkin. Zamin.uz tahririyati mojaro taraqqiyotini muntazam kuzatib, eng dolzarb yangiliklarni sizga yetkazib boradi.
Foto: Reuters “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar