Xitoyda 75 yoshli ayol go‘zallik saloniga 10 yillik jamg‘armasi 450 ming dollar sarfladi

Xitoyning Shanxay shahrida 75 yoshli ayol go‘zallik muolajalari uchun yillar davomida jamg‘argan mablag‘laridan ayrildi. U salon xizmatlariga jami 3 million yuan — qariyb 450 ming dollar sarflagan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol 2016 yildan buyon Yongqi Beauty and Hairdressing kompaniyasining filiali hamda u bilan bog‘liq tibbiy estetika markaziga muntazam borib kelgan. U yerda teri taranglashtirish, ipli lifting, qosh va lablarga doimiy pardoz kabi turli muolajalarni olgan.
Ayolning qizi onasining jamg‘armalari deyarli tugab qolganini bilgach, Shanxay telekanallaridan biriga murojaat qilgan. Hujjatlarni tekshirish jarayonida ayrim xizmatlar narxi bozordagi qiymatdan 10–20 barobar yuqori ekani aniqlangan.
Masalan, bir nechta muolajani o‘z ichiga olgan labga doimiy pardoz protsedurasi uchun ayoldan qariyb 39 800 yuan — 6 ming dollar undirilgan. Hisob-kitoblarda bir xil xizmat bir necha marta ko‘rsatilgani ham qayd etilgan.
Shuningdek, ayolga boshqa estetik markazda 300 ming yuanlik xizmat taklif qilingan, ammo u muolaja amalga oshirilmay, boshqa kosmetik protseduralarga almashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Salon vakillari esa barcha narxlar ochiq ko‘rsatilganini va xizmatlar mijozning roziligi bilan bajarilganini bildirgan.
Yakunda salon ayol bilan kelishuvga erishib, oldindan to‘langan mablag‘ning sarflanmagan qismining bir qismini qaytargan.






























Izohlar 0
…