Tailand prokuraturasi Bangkokdagi 30 qavatli ofis minorasining qulashi bo‘yicha 23 shaxs va kompaniyaga, jumladan mashhur qurilish oligarxi va Xitoyning yirik davlat korporatsiyasiga rasmiy ayblov e’lon qildi. Bu haqda Nation Thailand nashri xabar berdi.
Ayblanuvchilar orasida mamlakatdagi eng katta qurilish firmalaridan biri — Italian-Thai Development kompaniyasi rahbari Premchay Karnasuta va Xitoyning China Railway korporatsiyasi ham bor. Ular qurilish standartlarini buzish va rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda gumon qilinmoqda.
Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, minoraning qulashiga loyiha va qurilish bosqichlaridagi yirik kamchiliklar sabab bo‘lgan. Shuningdek, ishlatilgan materiallar sifati hamda texnologik jarayonlar talablarga javob bermagani aniqlangan.
Ma’lumki, 2025 yil 28 mart kuni Myanmada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida Bangkokdagi Milliy audit idorasining qurilayotgan minorasi cho‘kib tushgan edi. Voqea natijasida 92 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 9 nafar odam jarohatlangan, 4 ishchi esa haligacha bedarak hisoblanadi.
Qulagan minora qurilishining bor-yo‘g‘i 30 foizi yakunlangan bo‘lib, zilziladan zarar ko‘rgan Tailanddagi yagona inshoot edi. Bu holat mamlakat tarixidagi eng fojeaviy tuzilmaviy qulashlardan biri sifatida qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!