date

Rossiya Alyaskadagi uchrashuv oldidan Donbassni to‘liq egallamoqchi...

Rossiya Alyaskadagi uchrashuv oldidan Donbassni to‘liq egallamoqchi...

Azizlar, bugun frontdagi vaziyat haqida gaplashamiz. Putin va Tramp Alyaskada uchrashishi aniq bo‘lganidan keyin Rossiya Donbassdagi frontda shturmga zo‘r berib, muhim shaharlarni qurshovga olgan ko‘rinadi. Bu, shubhasiz, Alyaskadagi uchrashuv bilan bog‘liq.

Pokrovsk qurshovga olindimi?

Oxirgi bir kun ichida qator manbalar Rossiya Donetsk oblastini to‘liq egallash uchun olib borayotgan shturmda muvaffaqiyatga erishgani haqida yozmoqda. Yaqinda Pokrovsk yo‘nalishidagi mudofaa uchun yo‘naltirilgan «Azov» batalioni ofitseri Bogdan Krotevichning posti ukrain kanallarida tarqalmoqda. Uning aytishicha, Pokrovsk va Mirnograd ruslar tomonidan deyarli o‘rab olingan. Konstantinovka ham qurshov arafasida. Ruslar Kramatorsk va Drujkivka tomon harakatlanmoqda.

Ofitserning aytishicha, ruslar odimlashiga ukrain qo‘shinlari boshqaruvidagi xatolar, harbiy yetishmasligi va noto‘g‘ri strategiya sabab bo‘lmoqda. Zelenskiyga murojaat qilgan Krotevich «Janob prezident, sizga qanday ma’lumot berishmoqda bilmadim-u, lekin vaziyat juda og‘ir» deb yozgan.

Ba’zi nashrlarning yozishicha, ruslar bu yo‘nalishda Ukraina mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, 18 km odimlagan. Ular hozircha yengil texnika va mototsikllarda odimlayotgani va kuchli himoyaga ega emasligi aytilmoqda. Aftidan, Donbassni boy berishiga ko‘ngan Ukraina bu yo‘nalishda qarshi hujum uchun ko‘p kuch sarflamoqchi emas.

Agar Rossiya bu odimlashini davom ettirib, Kramatorsk, Slavyansk va Dobropolega chiqadigan bo‘lsa, bu Donetsk oblasti to‘liq egallanganini bildiradi. Hozircha Kiyev bu yo‘qotishlarga munosabat bildirgani yo‘q, lekin bu ma’lumot tasdiqlansa, Ukraina 2024 yildan buyon qisqa vaqt ichida eng ko‘p yerlarini boy bergan bo‘ladi.

Donbass quladimi?

Rossiya uchun urushdagi programma minimum aynan Donbassni to‘liq egallash hisoblanadi. Oxirgi bir yil ichida ruslar boshqa yo‘nalishlarga aytarli e’tibor bermay, asosan Donetsk oblastini to‘liq egallashga zo‘r berdi. Vladimir Putin Alyaskaga borishi aniq bo‘lgach, ayniqsa hujum kuchaydi. Aftidan, Rossiya harbiy rahbariyatiga Putin Tramp bilan uchrashuvga muzaffar polkovodes sifatida borishi uchun nima qilib bo‘lsa ham Donbassni to‘liq egallash buyurilgan ko‘rinadi.

Agar ruslar buni uddalasa, Putin chindan Alyaskadagi muzokarada juda kuchli pozitsiyada bo‘ladi. Chunki Moskva oxirgi yillarda urushdan maqsad Ukrainani to‘liq egallash emas, Donbassni qo‘lga kiritish ekaniga urg‘u berib kelayotgandi. Ya’ni Putin Tramp bilan uchrashuvda «Mister prezident, biz urushdagi maqsadimizga erishdik – Donbass to‘liq egallandi, xo‘sh, endi sizni eshitaman», deyishi mumkin bo‘ladi. Bunday sharoitda Tramp Rossiyaga bosim qilishi oson bo‘lmaydi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. Urush taqdirini hal qiladigan muhim uchrashuv oldidan Rossiya strategik muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Bu muzokaralarda Kiyevning vaziyatini og‘irlashtiradi. Biz vaziyatni kuzatib boramiz. Kun.uz'dan uzoqlashmang. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga obuna bo‘lishni unutmang.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Alyaskadagi uchrashuv oldidan Donbassni to‘liq egallamoqchi...