date

Donald Trump Nobel mukofotiga loyiqligini ta'kidladi

Donald Trump Nobel mukofotiga loyiqligini ta'kidladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya–Ukraina urushida vositachilik qilishga urinayotgan bir paytda, o‘zining tinchlik o‘rnatish borasidagi “muvaffaqiyatlari”ni tilga oldi. U yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda “men olti urushni tugatdim” deb bayon qildi, keyin esa bu raqamni yettitagacha oshirdi.

Tramp o‘zini “tinchlik o‘rnatgan yetakchi” sifatida ko‘rsatib, Nobel tinchlik mukofotiga loyiq ekanini ta’kidlamoqda. Uning ma’muriyati Isroil–Eron, Hindiston–Pokiston, Ruanda–Kongo, Tailand–Kambodja va Armaniston–Ozarbayjon o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda vositachilik qilganini da’vo qilmoqda. Ba’zi davlatlar bu borada Trampga minnatdorchilik bildirgan bo‘lsa-da, ayrim tomonlar AQSh rolini inkor etmoqda.

Masalan, Hindiston–Pokiston kelishuvida Dehli muzokaralar bevosita ikki mamlakat o‘rtasida o‘tganini bildirdi. Ruanda va Kongo esa sulh tuzgan bo‘lsa-da, janglar davom etayotgani aytilmoqda. Shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari Vashingtonda imzolangan kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan, biroq mutaxassislar barqaror tinchlik hali kafolatlanmaganini ta’kidlashmoqda.

Tramp, shuningdek, Misr va Efiopiya o‘rtasidagi Nil daryosi ustidan kelishmovchiliklarda ham o‘zini vositachi sifatida ko‘rsatgan, biroq bu masalada hech qanday yakuniy kelishuvga erishilmadi. Serbiya va Kosovo bo‘yicha ham u urushning oldi olinganini aytsa-da, mutaxassislar bu davlatlar o‘rtasida aslida janglar bo‘lmaganini eslatmoqda.

Tahlilchilar fikricha, Tramp ayrim mojarolarda vositachi sifatida ma’lum darajada rol o‘ynagan bo‘lsa-da, u tilga olayotgan “yetti urushning” barchasida barqaror tinchlik o‘rnatilganini aytish mushkul.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Trump Nobel mukofotiga loyiqligini ta'kidladi