Sunʼiy intellekt inqilobi: 16 nafar Nobel mukofoti sovrindori dunyo iqtisodiyotini qutqarishga chaqirdi

Dunyoning yetakchi iqtisodchilari va texnologiya sohasidagi nufuzli ekspertlar sunʼiy intellekt (AI) rivojlanishi keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan iqtisodiy xatarlardan ogohlantirib, maxsus ochiq xat bilan chiqishdi. Stenford universiteti Raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi tomonidan tayyorlangan "We Must Act Now" («Biz hozir harakat qilishimiz kerak») deb nomlangan hujjatda 200 dan ortiq mutaxassis, jumladan, 16 nafar Nobel mukofoti sovrindori ishtirok etgan. Ekspertlarning fikricha, sunʼiy intellekt keltirib chiqaradigan oʻzgarishlar sanoat inqilobidan koʻra kengroq koʻlamga ega boʻladi, ammo ancha qisqa vaqt ichida sodir boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Murojaat mualliflari yaqin 10 yil ichida AI tizimlari misli koʻrilmagan darajada kuchayib, global iqtisodiyotni butunlay transformatsiya qilishini taʼkidlamoqda. Garchi bu texnologiya mehnat unumdorligini va turmush darajasini oshirish salohiyatiga ega boʻlsa-da, u mehnat bozoridan odamlarni keng koʻlamda siqib chiqarish xavfini ham tugʻdiradi. Shu sababli, olimlar hukumatlarni va texnologik gigantlarni ijtimoiy institutlarni ushbu oʻzgarishlarga tayyorlashga chaqirmoqda.
Sanoat inqilobidan 10 baravar tezroq
Stenford universiteti Raqamli iqtisodiyot laboratoriyasi direktori Erik Brynjolfssonning taʼkidlashicha, AI imkoniyatlari ularning iqtisodiy oqibatlarini tushunish darajamizdan ancha tezroq oʻsib bormoqda. Uning soʻzlariga koʻra, aynan mana shu uzilish texnologiya faqat tor doiradagi kompaniyalar yoki shaxslar emas, balki butun jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi uchun zudlik bilan chora koʻrishni talab qiladi.Nobel mukofoti sovrindori Michael Spence esa jarayonning koʻlami va tezligi barcha kuchlarni birlashtirishni taqozo etishini bildirdi. Anthropic kompaniyasi xodimi Anton Korinekning fikricha, insoniyat bugʻ dvigatellari, elektr energiyasi va kompyuterlarga moslashishi uchun oʻnlab yillar kerak boʻlgan boʻlsa, sunʼiy intellektga moslashish uchun bor-yoʻgʻi bir necha yil vaqt qolgan boʻlishi mumkin.
Hujjatni imzolaganlar orasida iqtisodiyot sohasida tanilgan Daron Acemoglu, Joseph Stiglitz, Paul Krugman va Ben Bernanke kabi yirik olimlar bor. Shuningdek, Google, Anthropic va OpenAI kabi gigant kompaniyalarning yuqori lavozimli vakillari, jumladan, Jeff Dean va Sarah Friar ham ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan. Bu esa texnologiya yaratuvchilarining oʻzlari ham kelajakdagi ijtimoiy barqarorlikdan xavotirda ekanini koʻrsatadi.
Yangi iqtisodiy modellar zarurati
Mutaxassislarning fikricha, hozirgi vaqtda sunʼiy intellektning bandlik, daromadlar taqsimoti va unumdorlikka taʼsirini baholash uchun yetarli iqtisodiy koʻrsatkichlar va modellar mavjud emas. Bu esa aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishga toʻsqinlik qilmoqda. Shu sababli, olimlar quyidagi yoʻnalishlarda ish olib borishni taklif qilmoqdalar:- AI inson mehnatini almashtirish emas, balki uning imkoniyatlarini toʻldirishi uchun yangi ragʻbatlar yaratish;
- Ijtimoiy himoya mexanizmlarini va davlat institutlarini qayta koʻrib chiqish;
- Texnologik rivojlanishning jamiyat manfaatlariga mos kelishini taʼminlovchi nazorat tizimlarini joriy etish.






























Izohlar 0
…