Nyu-York apellyatsiya sudi AQSH prezidenti Donald Trampga nisbatan chiqarilgan katta moliyaviy jazo qarorini bekor qildi. Reuters agentligi xabar berishicha, 2024 yil fevral oyida quyi sud tomonidan tayinlangan yuzlab million dollarlik jarima sud tomonidan yo‘qqa chiqarildi.
Biroq Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi avvalgi xulosalarni ham o‘z kuchida qoldirdi. Xususan, sud Trampning 2016 yilda birinchi prezidentlik muddatiga saylanishidan oldin uzoq yillar davomida o‘z ko‘chmas mulklari va turli aktivlari qiymatini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatganini tasdiqladi. Bu orqali u kreditorlar va sug‘urta kompaniyalarini Trump Organization uchun ancha qulay shartlar berishga majbur qilgani aytilmoqda.
Tramp esa barcha ayblovlarni keskin rad etdi. Uning advokatlari hisobotlardagi ehtimoliy xatolar ahamiyatsizligini ta’kidlab, ular orqali hech bir shaxs yoki tashkilot zarar ko‘rmaganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi sud qarorlariga ko‘ra, Tramp 355 million dollar jarima to‘lashi shart edi. Foizlar qo‘shilganda bu miqdor 515 million dollardan ham ortiqqa chiqishi mumkin edi.
Apellyatsiya qarori natijasida prezident katta moliyaviy yukdan ozod qilindi. Biroq unga va uning ikki o‘g‘liga korporatsiyalarda rahbarlik lavozimlarini bir necha yil davomida egallash taqiqlandi.
Sud qarori e’lon qilingach, Donald Tramp buni “to‘liq g‘alaba” sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, sud “jasorat ko‘rsatib”, “noqonuniy va sharmandali qarorni” bekor qilgan.
Ma’lumki, 2024 yil fevral oyidagi ilk sud qaroridan so‘ng Tramp Nyu-York bosh prokurori Letisiya Jeymsni “jodugar ovlash”da ayblab, u orqali o‘zining prezidentlik sayloviga to‘sqinlik qilinmoqda, deb bayonot bergandi. Apellyatsiya sudi esa Jeymsning harakatlari “jamoat manfaatlarini himoya qilish” yo‘lida amalga oshirilganini qayd etdi.
Reuters agentligi sud qarorini Letisiya Jeyms uchun jiddiy mag‘lubiyat sifatida baholadi. Shu bilan birga, AQSH Adliya vazirligi hozirda uni ipoteka bilan bog‘liq ehtimoliy firibgarlik ishi yuzasidan tekshiruv olib borayotgani ham qayd etilmoqda.
Trampga qo‘yilgan yarim milliardlik jarima bekor qilindi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar