Isroilning G‘azo shahriga yo‘naltirilgan navbatdagi havo zarbasi oqibatida Falastinning HAMAS harakati harbiy bo‘g‘ini matbuot kotibi Abu Obeyda vafot etdi. Bu haqda Isroil mudofaa vaziri Israel Kas ommaga ma’lum qildi.
Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham Obeydaning o‘limi haqida axborot bergan, ammo u vaqtda hali rasmiy tasdiq yo‘qligi ta’kidlangan edi.
Abu Obeyda ko‘p yillar mobaynida HAMAS videolaridan tanish bo‘lib kelgan. U doimo harbiy libosda, yuzini niqob bilan yopgan holda chiqish qilardi. Jangchi o‘zining oxirgi bayonotini 29-avgust kuni Isroil mudofaa kuchlari G‘azoga yangi zarba berganida e’lon qilib, shaharni «og‘ir jangovar hudud» sifatida ta’riflagan edi. Bu haqda AFP va AP agentliklari xabar tarqatdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 7-oktyabrda Yevropa Ittifoqi va AQSH tomonidan terror tashkiloti sifatida tan olingan HAMAS Isroilga yirik hujum uyushtirgandi. O‘sha kunda jangchilar mingdan ortiq raketa yo‘llab, Isroil hududiga kirib borishdi. Natijada qariyb 1200 kishi halok bo‘lgan va 250 dan ortiq odam garovga olingan edi.
Garovga olinganlarning bir qismi keyinchalik almashtirilgan yoki ozod qilingan bo‘lsa, ayrimlari halokatga uchradi. Bu voqealar Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirib, qonli to‘qnashuvlar avj olishiga sabab bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!