date

Epshteyn ishi bo‘yicha 33 ming hujjat oshkor qilindi

Epshteyn ishi bo‘yicha 33 ming hujjat oshkor qilindi

AQSH Kongressida yana katta shov-shuvli voqea qayd etildi. Vakillar palatasining Nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasi amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha 33 mingdan ortiq hujjatni oshkor qildi. U bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va jinsiy ekspluatatsiyada ayblanayotgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur materiallar avgust oyida AQSH Adliya vazirligidan olingan. Biroq hujjatlarni e’lon qilish jarayonida qurbonlarning shaxsiy hayoti va xavfsizligiga zarar yetmasligi uchun ayrim ma’lumotlar maxfiy holda qoldirildi.

Qo‘mita raisi, Kentukkidan saylangan respublikachi Jeyms Komer o‘z bayonotida:
— Biz barcha savollarga javob topish uchun harakat qilamiz va buni imkon qadar tez amalga oshirishga intilmoqdamiz, — dedi.

Eslatib o‘tamiz, Jeffri Epshteyn 2019 yil 6 iyulda Nyu-York huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, u 2002–2005 yillar oralig‘ida o‘zining Manxettendagi uyiga o‘nlab voyaga yetmagan qizlarni jalb qilgan. Ular orasida eng kichigi bor-yo‘g‘i 14 yoshda bo‘lgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Epshteyn nafaqat AQSHda, balki jahonning ko‘plab davlatlaridagi nufuzli shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Uning do‘stlari va tanishlari orasida sobiq davlat rahbarlari, yirik biznesmenlar, siyosatchilar va shou-biznes yulduzlari ham bor edi.

Biroq moliyachiga qarshi ish oxiriga yetmadi. 2019 yil 10 avgustda u qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qildi, degan rasmiy ma’lumot tarqatildi. Shu orqali unga nisbatan jinoiy ta’qiblar to‘xtatildi.

Jamoatchilik va jurnalistlar bu ish atrofidagi ko‘plab savollar ochiq qolganini ta’kidlashmoqda. Xususan, u bilan bog‘liq nufuzli shaxslar ismi, ayrim maxfiy ma’lumotlar va uning sirli o‘limi hanuz keng muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Epshteyn ishi bo‘yicha 33 ming hujjat oshkor qilindi