AQSH prezidenti Donald Trampning “yakuniy ogohlantirishi” ortidan Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektoridagi qurolli to‘qnashuvni to‘xtatish va “barcha mahbuslarni” ozod qilish uchun tezkor ravishda muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini e’lon qildi.
7-sentyabr, yakshanba oqshomida tarqatilgan rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, HAMAS avvalroq vositachilar orqali “Amerika tomonidan o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan bir qator g‘oyalar”ni qabul qilgan. Bu g‘oyalar urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imkoniyatini muhokama qilishga turtki bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, HAMAS 2023-yil 7-oktyabrda asirga olingan isroilliklarni ozod qilish evaziga Isroildan uchta asosiy talabni qo‘ymoqda: qurolli harakatlarni to‘xtatish, G‘azo hududidan qo‘shinlarni to‘liq chiqarib ketish va sektorni boshqarish uchun mustaqil falastinliklardan iborat qo‘mita tuzilishi haqida aniq bayonot berish.
Xuddi shu kuni ertalab AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Isroil tomonidan taklif qilingan kelishuv shartlari qabul qilinganini ma’lum qildi va HAMAS ham ularga rozi bo‘lishi kerakligini keskin tarzda ta’kidladi.
“Men HAMASni rad etish oqibatlari haqida oldindan ogohlantirdim. Bu mening oxirgi ogohlantirishim, boshqa imkoniyat bo‘lmaydi”, — deb yozdi Tramp o‘z bayonotida.
Shu tariqa, vaziyatda yangi bosqich boshlanishi mumkin. Chunki har ikki tomonning munosabatlari va Trampning qattiqqo‘l pozitsiyasi G‘azodagi to‘qnashuv taqdirini belgilab berishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!