date

Tolibon O‘zbekiston va Tojikistondan harbiy vertolyotlarni qaytarishni talab qildi

Tolibon O‘zbekiston va Tojikistondan harbiy vertolyotlarni qaytarishni talab qildi

Afg‘onistonning hozirgi hukumatida faoliyat olib borayotgan tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy qo‘shni mamlakatlar — O‘zbekiston va Tojikistonga murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yil avgust oyida toliblar hokimiyatni qo‘lga kiritgan paytda, afg‘on harbiy uchuvchilari bir nechta vertolyotlarni mamlakatdan olib chiqib ketgan va qo‘shni davlatlarga olib borgan. Muttaqiy Kobulda diplomatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu texnika afg‘on xalqiga qaytarilishi zarurligini ta’kidladi.

«Biz bir necha yil avval siyosiy o‘zgarishlar oqibatida chiqarib ketilgan va qo‘shni davlatlarga olib borilgan vertolyotlarni qaytarishlarini so‘raymiz. Ular xalq manfaatlari yo‘lida, faqat gumanitar maqsadlarda ishlatiladi», — dedi vazir.

Avvalroq, 8 sentyabr kuni Afghanistan International nashri o‘z manbalariga asoslanib, O‘zbekiston yaqin kunlarda 2021-yilda olib chiqilgan 57 ta harbiy vertolyotni Afg‘onistonga qaytarishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. 11-sentyabrda esa The Kabul Times gazetasi tolibon hukumati vakili Zabihullo Mujohidning «O‘zbekiston aviatexnikalarni qaytarishga rozi bo‘ldi», degan so‘zlarini keltirdi.

Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etdi. Matbuot kotibi Ahror Burxonovning ta’kidlashicha, «tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, O‘zbekistonning mavqei o‘zgarishsiz qolmoqda va bunday ma’lumotlar feyk».

Eslatib o‘tamiz, rasmiy raqamlarga ko‘ra, 2021-yilda Afg‘onistonda hokimiyat o‘zgarganida, oldingi rejim harbiylari O‘zbekistonga 46 ta havo texnikasi — 22 samolyot va 24 vertolyot bilan qochib o‘tgan.

Shundan beri Afg‘onistonning muvaqqat hukumati bir necha bor ushbu texnikani qaytarish talabini ilgari surgan. Biroq Toshkent hukumati bu aviatexnikalar AQSH mulki ekani va ularni qaytarish imkoni yo‘qligini qat’iy aytib kelmoqda.

2024-yil avgustida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyot va vertolyotlar O‘zbekiston hududida qoladi, chunki «ular hech qachon afg‘onlarga tegishli bo‘lmagan».

2025-yil fevralida e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, Black Hawk turkumidagi 7 ta vertolyot allaqachon AQSHga qaytarilgan, yana o‘nlab texnikalar esa O‘zbekistonda saqlanmoqda.

Bu voqea atrofidagi bahslar hanuz tinmayotgani, Afg‘oniston hukumati esa qo‘shni davlatlardan ushbu masalada aniq javob kutayotgani ma’lum.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tolibon O‘zbekiston va Tojikistondan harbiy vertolyotlarni qaytarishni talab qildi