date

Afg‘onistonda Instagram, Snapchat va Facebook'ga kirish to‘liq cheklandi

Afg‘onistonda Instagram, Snapchat va Facebook'ga kirish to‘liq cheklandi

Afg‘onistonda yana internet erkinligiga oid jiddiy cheklovlar joriy etildi. NetBlocks internet monitoring xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda Instagram, Facebook va Snapchat ijtimoiy tarmoqlariga kirish vaqtincha to‘xtatilgan.

Ta’kidlanishicha, bir nechta mahalliy internet-provayderlar mazkur platformalar faoliyatini cheklagan. Bu holat Afg‘onistonda o‘tgan hafta kuzatilgan keng ko‘lamli telekommunikatsiya uzilishlaridan so‘ng qayd etilgan. NetBlocks’ning X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi xabarnomasida:

“Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi yirik provayderlar Instagram, Facebook va Snapchat tarmoqlariga kirishni chekladi. Bu internet tizimidagi uzilishlardan so‘ng amalga oshirilgan choradir”, — deyilgan.

Tolibon izoh berdi, BMT xavotir bildirdi

NetBlocks ma’lumotidan bir kun avval, ya’ni 29 sentyabr kuni, “Tolibon” harakati tomonidan axloq va ma’naviyatni “saqlash chorasi” sifatida mamlakatda internet to‘liq o‘chirilgani haqida xabar tarqalgan edi.

BMTning Afg‘onistondagi missiyasi esa 30 sentyabr kuni bildirgan bayonotida, internet uzilishi natijasida mamlakatdagi 43 milliondan ortiq aholi jahon tarmog‘idan uzilganini ma’lum qilgan. Bu holat nafaqat axborot almashinuviga, balki moliya, bank tizimi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Hozircha rasmiy hukumat tomonidan bayonot berilmagan bo‘lsa-da, “Tolibon” vakillari internet cheklovlarini inkor etgan. Ularning aytishicha, “tarmoqdagi uzilishlar texnik sabablarga, xususan, mamlakatdagi eskirgan infratuzilma va energiya ta’minoti muammolariga bog‘liq”.

Internetsiz hayot — axborotsiz jamiyat

Mutaxassislar ta’kidlashmoqda, Afg‘onistonda internet faoliyatining cheklanishi nafaqat axborot almashinuvini to‘xtatadi, balki butun jamiyatning iqtisodiy rivojiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Aksar fuqarolar uchun ijtimoiy tarmoqlar nafaqat muloqot maydoni, balki biznes va savdo faoliyatining muhim qismi hisoblanadi. Shu sabab, bu cheklovlar aholining kundalik hayotida sezilarli qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Afg‘onistonda so‘nggi yillarda internet erkinligi allaqachon cheklangan edi. Bir qator yangilik va blog platformalari “axloqqa zid kontent” bahonasi bilan bloklangan. Hozirgi holat esa bu cheklovlarning yangi bosqichi sifatida baholanmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda Instagram, Snapchat va Facebook'ga kirish to‘liq cheklandi