Yangi Zelandiya sohilida 50 ga yaqin kit nima sababdan halok bo‘ldi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yangi Zelandiyaning Shimoliy orolidagi Ngavi sohili yaqinida 50 ga yaqin uzun suzgichli qora kit qirg‘oqqa chiqib qoldi va ularning aksariyati nobud bo‘ldi.
- Tirik qolgan kitlarni qutqarish uchun mahalliy maori qabilasi hamda Project Jonah tashkiloti vakillari hamkorlikda ish olib bormoqda.
- Mutaxassislar ushbu hayvonlarning nima sababdan guruh bo‘lib quruqlikka chiqib qolganini hozircha aniqlay olmagan.
Yangi Zelandiyaning Shimoliy oroli sohillaridan birida 50 ga yaqin uzun suzgichli qora kit (pilot whale) qirg‘oqqa chiqib qoldi. Ularning aksariyati nobud bo‘lgan, tirik qolganlarini esa yana ochiq dengizga qaytarish uchun qutqaruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Japan Today” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kitlar Shimoliy orolning eng janubiy nuqtasi hisoblangan Keyp Palliser yaqinidagi Ngavi sohilidan topilgan. Dastlab qirg‘oqqa chiqib qolgan kitlar soni kamida 20 ta ekani qayd etilgan. Biroq mahalliy aholi “Radio New Zealand” nashriga bergan ma’lumotida tun davomida sohilda qolib ketgan kitlar soni 50 tagacha yetganini bildirgan.
Ayni paytda kitlarni qutqarish ishlari mahalliy maori qabilasi hamda bunday tadbirlarga ixtisoslashgan Project Jonah tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Hozirgacha ikki kitni dengizga qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.
Qutqaruvchilar tirik qolgan kitlarning ahvolini barqarorlashtirish va ularni suv bilan ta’minlash uchun turli choralarni ko‘rmoqda. Jumladan, hayvonlar ustiga chelaklarda suv sepilmoqda, shuningdek, ularning tanasi qurib qolmasligi uchun nam sochiqlardan foydalanilmoqda.
Project Jonah tashkilotining 5 noyabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan xabariga ko‘ra, o‘sha vaqtda to‘rtta kit tirik qolgan bo‘lgan. Ularni suv sathi ko‘tarilgan paytda yana dengizga qaytarish rejalashtirilgan.
Mahalliy aholi vakili Rob Bargning ta’kidlashicha, tirik qolgan kitlarning ham ahvoli ancha og‘ir bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Yangi Zelandiya va unga qo‘shni Avstraliya qirg‘oqlarida kitlarning ommaviy ravishda quruqlikka chiqib qolishi tez-tez kuzatiladigan hodisalardan biri hisoblanadi. Buning sababi sifatida ikki mamlakat atrofidagi chuqur okeanlarda uzun suzgichli qora kitlarning yirik populyatsiyasi yashashi ko‘rsatiladi.
Shunga qaramay, kitlarning nima sababdan guruh bo‘lib qirg‘oqqa chiqib qolishi hozirgacha aniqlanmagan. Mutaxassislar bu hodisaning asl sabablarini hanuzgacha to‘liq tushuntirib bera olmagan.






























Izohlar 0
…