Jambilda poyezd 70 bosh qo‘yni urib yubordi: egasi jazolandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Jambil viloyatida yuk poyezdi temir yo‘l iziga chiqqan 70 bosh qo‘yni urib yuborishi oqibatida chorva mollari nobud bo‘ldi.
- Hodisa yuzasidan Taraz shahrida istiqomat qiluvchi 66 yoshli chorva egasi temir yo‘lning ajratilgan hududida chorva mollarini boqish qoidalarini buzganlikda ayblanib, ma’muriy javobgarlikka tortildi.
- Qozog‘istonda chorva mollarining temir yo‘l hududiga nazoratsiz chiqib ketishi poyezdlar harakati uchun jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Qozog‘istonning Jambil viloyatida qo‘ylar to‘dasi temir yo‘l iziga chiqib ketishi oqibatida noxush hodisa sodir bo‘ldi. Yuk poyezdi temir yo‘lda harakatlanayotgan vaqtida 70 bosh chorvani urib yuborgan. Hodisa natijasida qo‘ylar nobud bo‘lgan, ularning egasi esa qonun doirasida javobgarlikka tortilgan. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea yuzasidan chorva egasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. U Taraz shahrida istiqomat qiluvchi 66 yoshli fuqaro bo‘lib, unga temir yo‘lning ajratilgan hududida chorva mollarini boqish qoidalarini buzganlik aybi qo‘yilgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, chorva mollarining temir yo‘l hududiga nazoratsiz chiqib ketishi Qozog‘istonda poyezdlar harakati uchun jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon Transport politsiya departamenti tomonidan poyezdlarning 1 166 ta favqulodda to‘xtashi qayd etilgan. Ularning 881 tasi, ya’ni katta qismi uy hayvonlarining temir yo‘l izlariga chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shu munosabat bilan transport politsiyasi uy hayvonlari egalarini temir yo‘llar yaqinida chorva mollarini nazoratsiz qoldirmaslikka chaqirdi. Idora fuqarolardan belgilangan xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda.
Transport politsiyasi ta’kidlaganidek, hayvonlarning xavfsizligi uchun birinchi navbatda ularning egalari mas’ul hisoblanadi. Chorvaning temir yo‘lga nazoratsiz chiqib ketishi nafaqat hayvonlarning nobud bo‘lishiga, balki poyezdlar harakatida avariyaviy vaziyat yuzaga kelishiga va moddiy zarar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, bunday holatlar poyezddagi yo‘lovchilar va temir yo‘l xodimlarining hayoti hamda salomatligiga xavf tug‘dirishi ehtimoli bor. Shuning uchun chorva egalari temir yo‘lga yaqin hududlarda hayvonlarini qaramovsiz qoldirmasligi muhim.






























Izohlar 0
…