Fors ko‘rfazidan Isroilgacha: Eronning yangi nishonlarida qanday gigant inshootlar bor?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Eron harbiy to‘qnashuv yuz bergan taqdirda zarba berilishi mumkin bo‘lgan Isroil va arab davlatlaridagi strategik infratuzilma obyektlarining ro‘yxatini e’lon qildi.
- Ushbu «Nol soati nishonlari» ro‘yxatiga transport, energetika, suv ta’minoti, aloqa hamda yirik neft-kimyo korxonalari, jumladan, SABIC, ADNOC, Bazan Group va QatarEnergy kabi gigantlar kiritilgan.
Yaqin Sharqda harbiy harakatlar qayta avj olgan taqdirda, Eron javob zarbalari beriladigan strategik infratuzilma obyektlarining keng qamrovli ro‘yxatini taqdim etdi. Mintaqadagi AQSH harbiy bazalari bilan bir qatorda, transport, energetika, suv ta’minoti, global aloqa va savdo tarmoqlarini izdan chiqarishga qaratilgan nishonlar belgilandi.
Oshkor qilingan maxsus infografikada «Nol soati nishonlari» (Zero Hour Target) sifatida Isroil hamda arab davlatlarining eng yirik neft-kimyo sanoati majmualari alohida xaritaga tushirilgan. Mutaxassislar ushbu obyektlarning nishonga olinishi butun mintaqa bo‘ylab misli ko‘rilmagan gumanitar va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarishidan ogohlantirmoqda.
To‘liq falajlik strategiyasi: Transport, suv va raqamli aloqa
Eron tomonidan e’lon qilingan zarba nishonlari yettita yirik hayotiy muhim sohani o‘z ichiga oladi:
Transport va logistika arteriyalari: Strategik ko‘priklar, temir yo‘l chorrahalari, xalqaro aeroportlar va dengiz portlari;
Aloqa va yuqori texnologiyalar: Fors ko‘rfazi tubidan o‘tuvchi qit’alararo suv osti internet kabellari hamda texnologiya va sun’iy intellekt (AI) kompaniyalari;
Energetika va ichimlik suvi ta’minoti: Dengiz suvini chuchuklashtiruvchi (tuzsizlantirish) gigant zavodlar, yirik elektr stansiyalari va neft-kimyo korxonalari;
Savdo va turizm sektori: Xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i hamda eng yirik savdo markazlari.
«Zero Hour Target»: Xaritaga tushgan sanoat gigantlari
Xaritada Isroil va qo‘shni arab davlatlarining eng asosiy neft-kimyo va o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxonalari aniq ko‘rsatib o‘tilgan:
Isroil: Hayfa va sohilbo‘yi hududlaridagi Bazan Group, Carmel Olefins Ltd, Gadiv Petrochemical Industries Ltd va Haifa Group korxonalari;
Saudiya Arabistoni: Jahon miqyosidagi SABIC, SADAF, Saudi Kayan Petrochemical Company, Saudi Methanol Company (Ar-Razi), Petro Rabigh hamda SHARQ sanoat majmualari;
Birlashgan Arab Amirliklari: ADNOC milliy neft kompaniyasi, Borouge va Fertiglobe kimyoviy korxonalari;
Qatar: Gaz-kimyo zaxiralarini qayta ishlovchi QatarEnergy, QAPCO, Q-Chem, QAFCO va QAFAC gigantlari;
Kuvayt, Bahrayn va Iordaniya: Kuvaytning PIC, EQUATE va Kuwait Aromatics kompaniyalari; Bahraynning GPIC majmuasi; Iordaniyaning asosiy kimyo korxonasi hisoblangan Arab Potash Company (APC).

Harbiy to‘qnashuvning ehtimoliy oqibatlari
Yo‘nalish | Nishonga olinadigan inshootlar | Xavf va ehtimoliy oqibatlar |
Neft-kimyo sanoati | SABIC, ADNOC, Bazan, QatarEnergy, EQUATE | Global bozorda yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar narxining keskin oshishi |
Suv va energetika | Tuzsizlantirish zavodlari, elektr stansiyalari | Ko‘rfaz davlatlarida ichimlik suvi tanqisligi va ommaviy blekaut |
Aloqa va internet | Fors ko‘rfazi suv osti kabellari, IT-markazlar | Xalqaro moliyaviy tizim va internet trafigining uzilishi |
Logistika | Xalqaro portlar, aeroportlar, ko‘priklar | Mintaqa bo‘ylab xalqaro dengiz qatnovi va savdoning to‘xtashi |































Izohlar 0
…