
Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan Lonvi Biosciences laboratoriyasi dunyo miqyosida uzoq umr ko‘rish sohasidagi yangi ilmiy sinovlarni olib borayotgani haqida The New York Times xabar berdi. Ushbu laboratoriya qarish jarayonini sekinlashtirish va inson umrini uzaytirishga ixtisoslashgan startap sifatida tanila boshladi.
Laboratoriya mutaxassislari uzum danagidan olinadigan protsianidin C1 (PCC1) nomli modda asosida keksayishga qarshi tabletkalar yaratgan. Bu modda organizmdagi qarishga sabab bo‘luvchi hujayralarning faoliyatini sustlashtirib, sichqonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda umr davomiyligini 9,4 foizga oshirgan va davolanish boshlanganidan so‘ng umumiy umrni 64,2 foizga uzaytirgan.
Lonvi Biosciences kompaniyasi bosh texnik direktori Lyu Sinxuaning ta’kidlashicha, “kelajakda insonning 150 yoshgacha yashashi ilmiy jihatdan amalga oshishi mumkin, bu endi afsona emas, real istiqbol”. Uning fikricha, inson tanasidagi hujayralarni yangilash jarayonini boshqarish orqali uzoq umr ko‘rish tabiiy holga aylanadi.
Uzum danagi G‘arb mamlakatlarida ham anchadan beri sog‘lom mahsulot sifatida qo‘llaniladi. Uning moyi kosmetologiyada terini yoshartirish va hujayralarni tiklashda ishlatiladi. Biroq Xitoyda bunday yo‘nalishdagi biznes avval firibgarlik sifatida qabul qilingan bo‘lsa, hozirda vaziyat keskin o‘zgardi — davlat qo‘llovi va xususiy sarmoyalar bu sohani ilmiy asoslangan, hatto foydali iqtisodiy yo‘nalishga aylantirdi.
NYT manbasiga ko‘ra, Xitoy hukumati so‘nggi yillarda uzoq umr texnologiyalariga katta e’tibor qarata boshlagan. Ilmiy institutlar va xususiy kompaniyalar bu sohada biotexnologiya, gen terapiya va hujayra qayta tiklanishi bo‘yicha yirik tadqiqotlarga sarmoya kiritmoqda.
2024-yilda mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 79 yoshga yetdi, bu esa jahon ko‘rsatkichidan qariyb besh yilga uzun. Bu natija Xitoyni uzoq umr strategiyasini amalga oshirayotgan yetakchi davlatlar qatoriga qo‘shdi.
Eng qiziqarlisi, joriy yil 3 sentyabr kuni Pekindagi harbiy parad oldidan efirda tasodifan Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qisqa suhbati namoyish etilgan. Ular insonning 150-yil yashash ehtimoli, shuningdek, kelajakda tananing ayrim a’zolarini almashtirish orqali uzoq umrga erishish haqida fikr almashgan.
Bu voqea Xitoyda uzoq umr konsepsiyasi faqat ilmiy yoki farmakologik yo‘nalish emas, balki siyosiy va strategik ahamiyatga ega yo‘nalishga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Shunday qilib, Shenchjendagi Lonvi Biosciences faoliyati nafaqat yangi ilmiy qadam, balki butun insoniyat uchun yangi umiddir. Ilmiy jamoa e’lon qilgan natijalar tasdiqlansa, keksayishga qarshi tabletkalar bir necha yil ichida dunyo dorixonalariga chiqishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!