Ubtech kompaniyasi dunyodagi ilk ommaviy ishlab chiqariluvchi Uworld U1 robotini taqdim etdi

Xitoyning mashhur Ubtech kompaniyasi texnologiya olamida katta shov-shuvga sabab boʻlgan Uworld U1 modelini namoyish etdi. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, bu dunyodagi ilk ommaviy ravishda ishlab chiqariladigan toʻliq oʻlchamli gumanoid (odamsimon) robotdir. Bugungi kunda aksariyat robotlar sanoat korxonalari uchun moʻljallangan boʻlsa, U1 modeli inson uchun uy sharoitida hamrohlik qilish maqsadida yaratilgani bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ubtech ushbu qurilmaning bir nechta modifikatsiyasini bozorga chiqardi. Ular orasida faqat tananing yuqori qismidan iborat U1 Lite, toʻliq oʻlchamli U1 Pro va harakatlanish dinamikasi yuqori boʻlgan U1 Ultra versiyalari mavjud. Robotlarning asosiy vazifasi inson bilan muloqot qilish va hissiy aloqa oʻrnatishdan iborat boʻlib, bu jarayonda sunʼiy intellekt tizimlari suhbatdoshning nigohi, ovozi va yuz ifodasini tahlil qiladi.
Inson qiyofasini takrorlovchi texnologiya
Uworld U1 texnik jihatdan ancha murakkab tuzilishga ega. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, robot 88 ta servoprivod bilan jihozlangan boʻlib, bu unga inson harakatlarining 90 foizini takrorlash imkonini beradi. Shuningdek, u 300 ga yaqin mikro-emotsiyalarni namoyish eta oladi, koʻz qisadi va maxsus silikon qoplama yordamida inson terisidagi teshikchalar hamda burmalarni imitatsiya qiladi.Robotning tashqi koʻrinishi ikki xil variantda taklif etilmoqda: erkak qiyofasidagi modelning boʻyi 183 sm, vazni 42 kg boʻlsa, ayol qiyofasidagi versiya 163 sm boʻy va 35 kg vaznga ega. Muhandislar muloqotning tabiiy chiqishi uchun nutq va lablar harakati oʻrtasidagi farqni 20 millisekunddan kamroq vaqtga tushirishga muvaffaq boʻlishgan.
Biroq, taqdimot davomida ayrim kamchiliklar ham koʻzga tashlandi. Masalan, robotning savollarga javob berish tezligi hali ham past darajada qolmoqda. Sinov jarayonida foydalanuvchi oʻzini yomon his qilayotganini aytganida, U1 javob qaytarishdan oldin uzoq vaqt pauza qilib qolgan. Bu esa sunʼiy intellektning real vaqt rejimida qaror qabul qilish jarayoni hali takomillashtirilishi kerakligini koʻrsatadi.
Narxlar va bozor istiqbollari
Ubtech dastlab ushbu robotlar keksalar parvarishi, bolalar bilan oʻyinlar va uy yumushlarida yordam berishini vaʼda qilgan edi. Ammo rasmiy sotuvlar boshlanganda asosiy eʼtibor robot-hamroh funksiyasiga qaratildi. Qurilmaning narxi tanlangan versiyaga qarab quyidagicha belgilangan:- U1 Lite va asosiy modellar — 119 800 yuandan boshlanadi (taxminan 17 655 dollar);
- Yuqori texnologiyali Ultra versiyasi — 990 000 yuangacha (taxminan 145 717 dollar).






























Izohlar 0
…