Isroil va HAMAS G‘azoda janglarni qayta boshlashi mumkin

Isroil va HAMAS harakati G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, HAMAS AQSh prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi doirasida tuzilgan kelishuvga qaramay, qurolsizlanishdan bosh tortmoqda. Shu sababli Isroil armiyasi falastinliklar istiqomat qiladigan qirg‘oq hududida yangi quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish rejasini ishlab chiqqan.
HAMAS harakati urush paytida yo‘qotilgan harbiy salohiyatini tiklamoqda, jumladan vayron bo‘lgan tunnel infratuzilmasini ta’mirlash va a’zolariga muntazam to‘lovlarni qayta yo‘lga qo‘yish ishlarini davom ettirmoqda. Shu bilan birga, yangi qo‘mondon saylanganidan so‘ng HAMAS qurolsizlanish masalasidagi pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligi aytilmoqda.
G‘azodagi urush 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS hujumi bilan boshlandi. Isroil javob harakatlarida falastinliklar orasida 71 mingdan ortiq halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi vakillari hisoblanadi. 2025-yil 10-oktyabrda tuzilgan otashkesim esa yuz minglab falastinliklarga G‘azo shahri xarobalariga qaytish imkonini bergan, biroq sulhdan buyon Isroil kuchlari zarbalarida kamida 400 kishi halok bo‘lgan, o‘z askarlari orasida esa uch kishi o‘ldirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!