Qora tuynuk ikkiga bo‘linishi mumkinmi? Olimlar g‘ayrioddiy nazariyani o‘rgandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Olimlar muayyan nazariy sharoitlarda qora tuynukning ikkiga bo‘linishi mumkinligini hisob-kitoblar orqali o‘rgandi.
- Bunday jarayonning amalga oshishi termodinamikaning ikkinchi qonuni va entropiya cheklovlari tufayli juda murakkab hisoblanadi.
- Tadqiqotchilar aylanish tezligi maksimal qiymatga yaqin bo‘lgan qora tuynuklar yoki qo‘shimcha fazoviy o‘lchamlar mavjud bo‘lgan nazariy modellarni tahlil qildi.
Olimlar muayyan nazariy sharoitlarda qora tuynuk ikkiga bo‘linishi mumkinligini hisob-kitoblar orqali o‘rgandi. Biroq bunday jarayonning amalda sodir bo‘lishi hozircha isbotlanmagan. Bu haqda Naked Science nashri xabar berdi.
Odatda, ikkita qora tuynuk bir-biri bilan qo‘shilib, bitta yirikroq qora tuynukni hosil qiladi. Bunday hodisalar natijasida yuzaga keladigan gravitatsion to‘lqinlar olimlar tomonidan qayd etiladi. Ammo bitta qora tuynukning ikkiga ajralishi ancha murakkab jarayon hisoblanadi.
Buning asosiy sabablaridan biri termodinamikaning ikkinchi qonuni bilan bog‘liq. Qora tuynukning entropiyasi uning hodisalar gorizonti maydoniga mutanosib. Oddiy, aylanmaydigan qora tuynuk ikki kichik qora tuynukka ajralsa, ularning umumiy entropiyasi kamayishi mumkin. Bu esa jarayonning amalga oshishini jiddiy cheklaydi.
Tadqiqotchilar aylanish tezligi nazariy maksimumga yaqin bo‘lgan qora tuynuklarni ham o‘rgandi. Hisob-kitoblarda bo‘laklarning bir-biridan uzoqlashishi, energiya va impulsning saqlanishi hamda entropiya bilan bog‘liq shartlar tahlil qilindi.
Natijalarga ko‘ra, qora tuynukning bo‘linishi uchun zarur shartlarni bir vaqtning o‘zida bajarish juda qiyin. Ajralib chiqqan kichik qism yetarli energiyaga ega bo‘lmasa, asosiy qora tuynukning tortish kuchi ta’sirida yana orqaga qaytishi mumkin. Tadqiqotda bunday bo‘linishga nazariy jihatdan yo‘l ochilishi mumkin bo‘lgan tor sharoitlar, jumladan, aylanish tezligi maksimal qiymatga juda yaqin bo‘lgan holatlar ko‘rib chiqilgan.

Olimlar, shuningdek, qo‘shimcha fazoviy o‘lchamlar mavjud bo‘lishi mumkinligini nazarda tutuvchi nazariyalarni ham tahlil qilgan. Bunday modellarda qora tuynuksimon tuzilmalarning bir nechta qismga ajralishi mumkin. Biroq qo‘shimcha o‘lchamlar mavjudligi hozircha tajribalarda tasdiqlanmagan.
Tadqiqot mualliflarining fikricha, dastlabki koinotda paydo bo‘lgan kichik qora tuynuklar bunday jarayonga yirik astrofizik qora tuynuklarga qaraganda moyilroq bo‘lishi mumkin. Kelajakda olimlar bunday hodisaning ehtimoliy izlarini gamma-nurlanish orqali aniqlash imkoniyatini ham o‘rganmoqda.
Shunga qaramay, hozircha birorta qora tuynukning ikkiga bo‘lingani kuzatilmagan. Tadqiqot qora tuynuklar qanday sharoitlarda parchalanishi mumkinligini nazariy jihatdan o‘rganadi, xolos.






























Izohlar 0
…