Kanada Xitoy elektromobillarini qabul qildi, AQSh qarshi

AQSh rasmiylari Kanadaning Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarni o‘z bozoriga kiritish qarorini tanqid qildi. Ularning aytishicha, bu qaror Kanada uchun kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. AQSh Transport vaziri Shon Daffi Kanadaning bu qarorini xato deb baholab, keyinchalik undan afsuslanishlari mumkinligini aytdi.
Kanada 2024 yilda Xitoy elektromobillariga 100 foizlik boj joriy qilgan bo‘lsa-da, yaqinda 49 mingtagacha avtomobil importiga ruxsat berdi. AQSh rasmiylari bu qaror Shimoliy Amerikada Xitoy mahsulotlari ta’sirini oshirishini xavotir bilan qarshi olmoqda. Ular, shu bilan birga, bu avtomobillar AQSh bozoriga kiritilmasligini ta’kidladi.
AQSh Savdo vakili Jamison Grir bu qaror Amerika avtomobil ishlab chiqaruvchilariga bevosita zarar yetkazmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mashinalar Kanadaga ketadi, AQShga kirishiga ruxsat berilmaydi. Shuningdek, AQShda avtomobillarning xavfsizlik va axborot tizimlariga qo‘yilgan talablar Xitoy elektromobillarini bozorga kiritishni qiyinlashtiradi.
AQSh siyosatchilari va ba’zi qonunchilar Xitoy elektromobillarini mamlakat uchun xavf deb hisoblaydi. Ular AQSh avtomobil sanoatini himoya qilishni muhim deb biladi. Shu sababli, Kanadaning qarori AQSh tarafidan tanqid qilinmoqda va bu masala yaqin kelajakda ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!