Saudiya Arabistoni dunyodagi eng baland bino Rse Tower’ni quradi

Saudiya Arabistoni dunyodagi eng baland bino — Rise Tower’ni barpo etishga kirishmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu arxitektura mo‘jizasi 2000 metr balandlikka ega bo‘ladi. Bu hozirda rekordchi bo‘lgan Dubaydagi Burj Xalifa (828 metr) minorasidan deyarli ikki baravar balandroq degani.
Gigant inshoot 678 qavatdan iborat bo‘lib, unda hashamatli mehmonxonalar, yuqori darajadagi restoranlar, panoramali kuzatuv maydonchalari hamda zamonaviy biznes markazlar joylashtiriladi.
Time Out Dubai nashrining yozishicha, Rise Tower loyihasi Saudiya Arabistoni hukumatining Vision 2030 strategiyasining muhim qismidir. Bu dastur qirollik iqtisodiyotini neftga bog‘liqlikdan chiqarish, turizm, sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, bu shaharsozlik rejasi nafaqat Ar-Riyod shimolida joylashadigan 2 kilometrlik osmono‘par minorani, balki Jidda shahrida qurilishi rejalashtirilgan 1 kilometrlik yana bir yirik binoni ham o‘z ichiga oladi.
Ushbu loyihalar orqali Saudiya Arabistoni urbanistik inqilob sari dadil qadam tashlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!