Britaniyada 97 yoshli ayol tez yordamni kutib hayotdan ko‘z yumdi

Buyuk Britaniyaning Nyuport shahrida istiqomat qilgan 97 yoshli Babett Berdj tez tibbiy yordamni uzoq vaqt kutishga majbur bo‘lib, hayotdan ko‘z yumdi, deb Daily Mail xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keksa ayol o‘z uyida polda yotgan holda aniqlangan. Uning nafas olishi qiyinlashgani qayd etilgan va bir necha soatdan so‘ng vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida o‘limning asosiy sababi pnevmoniya ekani ko‘rsatilgan. Shuningdek, chap son suyagining sinishi va uzoq vaqt harakatsiz qolishi qo‘shimcha omil sifatida baholangan.
Mutaxassislar marhumaning tanasida qon aylanishi izdan chiqqanini ko‘rsatuvchi belgilarni ham aniqlagan. Bunday holat, odatda, sovuq qotish yoki uzoq muddat qimirlamay yotish oqibatida yuzaga keladi.
Fojiadan oldin mahalliy poliklinika feldsheri ayolni ko‘rikdan o‘tkazib, son suyagi sinishi ehtimolini qayd etgan. Biroq shoshilinch gospitalizatsiya o‘rniga, uni shifoxonaga 10 kundan keyin olib borish rejalashtirilgan.
Shu vaqt davomida Babett Berdj uyida qolgan va yana bir bor yiqilib tushgani aytilmoqda. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan rasmiy tekshiruv ishlari boshlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!