Afg‘onistonda erkak shifokorlarga ayol bemorni ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha diniy huquq berildi

Afg‘onistonda erkak shifokorlar klinik amaliyot doirasida ayol bemorlarga nisbatan “mahram” sifatida qabul qilinishi haqida bayonot berildi. Afg‘oniston Aloqa vaziri Hamdulla Nomaniyning aytishicha, shifokorlarga tibbiy zarurat sabab ayol tanasining boshqa erkaklarga odatda taqiqlangan qismlarini ko‘rish imkonini beruvchi diniy huquq taqdim etilgan.
Vazir o‘z so‘zlarida, ayrim holatlarda hatto ayolning yuziga qarash ham cheklanishini ta’kidlagan. Biroq tibbiy jarayonda shifokorlarga bu kabi cheklovlar qo‘llanmasligi aytilgan.
“Men, vazir sifatida, ayol kishining yuziga qarashga haqqim yo‘q. Lekin siz, shifokorlarga, bunday huquq berilgan. Ayol kishi operatsiya stolida yotganida uning barcha a’zolari siz oldingizda bo‘ladi, hatto kiyimlarini yechishingizga ham ruxsat berilgan”, — degan Nomaniy.
Shu bilan birga, u shifokorlarni berilgan huquqdan noto‘g‘ri foydalanmaslikka chaqirgan. Vazirning ta’kidlashicha, bu ruxsat faqat tibbiy zarurat va kasbiy mas’uliyat doirasida qo‘llanilishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!