Xitoyda aniqlangan yangi virus qanchalik xavfli?

Xitoyda ilgari qayd etilmagan yangi turdagi chorva kasalligi aniqlangani haqida xalqaro OAV xabar bermoqda. Ushbu virus qisqa vaqt ichida hayvonlar orasida tez tarqalish xususiyatiga ega ekani bilan mutaxassislar e’tiborini tortmoqda.
Kasallik mamlakatning Gansu viloyati hamda Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududidagi ikki fermer xo‘jaligida aniqlangan. Mazkur hududlar bir nechta davlatlar, jumladan Rossiya bilan chegaradosh bo‘lib, bu holat kasallikning kengroq hududlarga yoyilish xavfini oshirmoqda. Jami 6229 bosh qoramoldan 219 tasida infeksiya aniqlangan.
Shundan so‘ng kasallik aniqlangan barcha hayvonlar yo‘q qilingan, zararlangan hududlarda esa keng ko‘lamli dezinfeksiya ishlari olib borilgan. Laboratoriya tahlillari ushbu virus yashurning SAT1 turiga mansubligini ko‘rsatgan bo‘lib, bu tur Xitoy hududida ilgari uchramagan.
Mutaxassislar ayniqsa vaksina masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki hozirda qo‘llanilayotgan vaksinalar ushbu turga qarshi yetarli himoya bermaydi. Shu sababli kasallikning tez tarqalish ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Ayni paytda qo‘shni Rossiyada ham chorva kasalliklari bilan bog‘liq vaziyat murakkablashib bormoqda. So‘nggi oylarda turli hududlarda qariyb 90 ming bosh qoramol yo‘q qilingani qayd etilgan. Dastlab bu boshqa kasallik sifatida baholangan bo‘lsa-da, ayrim mutaxassislar uning ham yashur bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ilgari surmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!