Pentagonda tozalashlar davom etyapti: yana ikki general lavozimdan olindi

AQSH mudofaa tizimida katta o‘zgarishlar to‘lqini to‘xtayotgani yo‘q. Pentagonda kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqish jarayoni davom etayotgan bir paytda, yana ikki yuqori martabali harbiy amaldor lavozimidan ozod etildi. Bu haqda nufuzli manbalardan biri — Washington Post nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, armiyada muhim lavozimlarni egallab kelgan ikki general o‘z vazifasini tark etgan. Ulardan biri — armiyani modernizatsiya qilish va harbiylarni tayyorlash jarayoni uchun masʼul bo‘lgan general Devid M. Xuden. U armiyaning kelajak strategiyasini shakllantirishda muhim rol o‘ynab kelgan edi.
Ikkinchi amaldor esa — armiya bosh ruhoniysi vazifasini bajarib kelgan kichik Uilyam Grin. U harbiylar orasida maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash va ruhiy barqarorlikni taʼminlashda faol ishtirok etgan.
Bu qarorlar Pentagondagi keng ko‘lamli “tozalashlar”ning davomi sifatida baholanmoqda. Yangi rahbariyat armiyada samaradorlikni oshirish, boshqaruvni kuchaytirish va yangi strategiyalarni joriy etish maqsadida yuqori lavozimlarda jiddiy o‘zgarishlar kiritmoqda.
Qayd etilishicha, Pit Xegset rahbarlikka kelganidan buyon lavozimidan chetlatilgan yuqori darajadagi qo‘mondonlar soni 12 nafarga yetgan. Bu esa AQSH harbiy tizimidagi eng yirik kadrlar almashinuvlaridan biri sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday keskin qarorlar armiya ichidagi tartib-intizomni kuchaytirish va yangi davr talablariga moslashish uchun amalga oshirilmoqda. Biroq ayrim tahlilchilar bu jarayon ichki bosim va siyosiy omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Har holda, Pentagondagi bu o‘zgarishlar hali davom etishi mumkin. Demak, yaqin kunlarda yana yangi isteʼfolar va tayinlovlar haqidagi xabarlar chiqishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!