Zelenskiy: Eron urushi AQSHning Ukrainaga yordamini zaiflashtirishi mumkin

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi olib borilayotgan uzoq muddatli harbiy harakatlar Ukrainaga ko‘rsatilayotgan xalqaro yordamni kamaytirishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Bu haqda u 5 aprel kuni Istanbuldagi tashrifi davomida Associated Press (AP) agentligiga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Biz tan olishimiz kerakki, hozir biz (AQSH uchun) ustuvor yo‘nalish emasmiz. Shu bois men Erondagi uzoq davom etayotgan urush Ukrainaga yordamning kamayishiga olib kelishi mumkinligidan qo‘rqaman”, — dedi Zelenskiy.
Uning taʼkidlashicha, Kiyev avvaldan Patriot havo mudofaa tizimlari va ular uchun zarur raketa zapaslarini to‘liq olmagan edi. Agar Eron bilan urush yaqin vaqtda tugamasa, Ukrainaga beriluvchi yordam “kundan-kunga kamayib borishi” mumkin.
Shu bilan birga, Zelenskiy AQSH tomonidan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalar vaqtincha yumshatilgani Moskvaga iqtisodiy foyda keltirganini qayd etdi: “Rossiya bundan qo‘shimcha daromad olyapti, demak, ular uchun bu foydali”, — dedi u.
Maʼlum qilinishicha, AQSH 11 aprelga qadar 12 martgacha kemalarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlari savdosini sanksiyalardan vaqtincha chiqardi. AQSH moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu qaror prezident Donald Tramp tomonidan jahon energetika bozorini barqaror saqlash va narxlarni oshirmaslik maqsadida qabul qilingan.
Shu bilan birga, 11 mart kuni G7 davlatlari Eron bilan urush fonida Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilmaslikka kelishib olgan.
1 aprel kuni Financial Times nashri Donald Tramp Yevropa davlatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam bermasa, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilganini maʼlum qildi. Shuningdek, Washington Post maʼlumotiga ko‘ra, Pentagon Ukraina uchun mo‘ljallangan muhim harbiy texnikani Eron bilan urushga yo‘naltirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
28 fevraldan buyon AQSH va Isroil Eronga avia zarbalar berib kelmoqda. Natijada Eronning oliy rahbari Ali Xominay va bir qator yuqori lavozimli amaldorlar halok bo‘lgani xabar qilindi.
Eron esa javob tariqasida Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar bilan zarbalar berishda davom etmoqda. Tehron taʼkidlaganidek, bu hujumlar AQSH harbiy bazalariga qaratilgan.
Shu bilan birga, Eron hujumlari neft omborlari va tankerlarga ham taʼsir ko‘rsatdi. Ozarboyjon va Kipr ham zarbalardan jabr ko‘rgani maʼlum qilinmoqda.
Bu holatlar Ukraina uchun xalqaro yordamning samaradorligi va barqarorligi nuqtai nazaridan muhim tahdid yaratmoqda, shuningdek mintaqaviy xavfsizlik va global energetika bozoridagi holatni murakkablashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!