Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida blokada eʼlon qildi, dunyo xavotirda...

Yaqin Sharqdagi vaziyat yana-da keskin tus oldi. AQSH prezidenti Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozida dengiz blokadasi boshlanganini eʼlon qilib, Eronga nisbatan juda og‘ir bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington “Erondan qolganini ham tugatish” imkoniyatini istisno qilmayapti.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Tramp Truth Social platformasida AQSH harbiy-dengiz kuchlari bo‘g‘ozga kiruvchi va chiquvchi kemalar harakatini nazorat qilish va to‘sish jarayonini boshlaganini bildirgan. U bu qarorni mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq keskin vaziyat bilan izohladi.
AQSH tomoni Eronni global darajada “tovlamachilik”da ayblab, uning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida minalar o‘rnatish ehtimolini qoraladi. Tramp bu harakatlarni jahon savdosiga tahdid deb baholadi.
Uning taʼkidlashicha, Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarda ayrim masalalar bo‘yicha ilgarilash mavjud, ammo yadroviy dastur bo‘yicha kelishmovchilik saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, kemalarning erkin harakati bo‘yicha hali aniq kelishuv yo‘qligi aytildi.
Tramp AQSH harbiy-dengiz kuchlariga xalqaro suvlarda faol harakat qilish, shuningdek, ehtimoliy minalarni zararsizlantirish bo‘yicha buyruq berganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylarga va tinch kemalarga hujum qilishga urinishlar qattiq javob bilan qaytariladi.
Prezident shuningdek, Ho‘rmuz orqali o‘tuvchi tankerlar masalasida yangi iqtisodiy bosim mexanizmlari ko‘rib chiqilayotganini ham aytdi. U bunday shartlar “erkin navigatsiya” tamoyiliga zid ekanini taʼkidladi.
Oq uy rahbari boshqa davlatlar ham ushbu operatsiyalarga qo‘shilishi mumkinligini istisno qilmadi. U AQSH harbiylari yuqori tayyorgarlik holatida ekanini qayd etdi.
Vaziyat keskinlashgan bir paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Eron rahbari o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgani, shuningdek, Fransiya ham mintaqa bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishga tayyorligini bildirgani maʼlum qilindi.
Shu tariqa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi ziddiyat global siyosiy va energetik muvozanatni yana-da beqaror holatga olib chiqmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!