Qirg‘izistonda yirik islohot: viloyatlar o‘rniga 20 okrug tashkil etiladi

Qirg‘izistonda maʼmuriy-hududiy tizimni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlanmoqda. Mamlakat prezidenti Sadir Japarov bu boradagi rejalar haqida jamoatchilikka maʼlum qildi.
Davlat rahbarining taʼkidlashicha, yaqin yillarda amaldagi viloyat va tumanlar bosqichma-bosqich bekor qilinib, ular o‘rnida yangi formatdagi 20 ta okrug tashkil etiladi. U bu tizimni oddiy qilib tushuntirib, amalda bu “20 ta yangi viloyat”ga teng bo‘lishini qayd etdi. Biroq mazkur o‘zgarishlar darhol emas, balki taxminan uch-to‘rt yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda respublikada 44 ta tuman va 33 ta shahar mavjud bo‘lib, bu tizim kelgusida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Japarov Novqat tumani aholisi bilan uchrashuv chog‘ida ushbu islohotlarning birinchi bosqichi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, dastlab bu o‘zgarishlar to‘liq joriy etilmaydi. Avvalo, boshqaruv samaradorligini tekshirish maqsadida 2–3 yil davomida pilot loyiha sifatida bitta okrug tashkil etiladi. Bu orqali yangi tizim qanday ishlashini, uning iqtisodiy va maʼmuriy jihatdan o‘zini oqlash-oqlamasligini aniqlash rejalashtirilgan.
Asosiy eʼtibor ushbu okrugning davlat dotatsiyasidan chiqib keta olish qobiliyatiga qaratiladi. Agar pilot loyiha kutilgan natijani bersa, mamlakat bo‘ylab viloyat va tumanlar to‘liq tugatilib, hududlar okruglarga ajratiladi.
Shu bilan birga, Japarov avvalgi bosqichda amalga oshirilgan islohotlar ijobiy samara berganini ham alohida taʼkidladi. Xususan, so‘nggi ikki yil ichida ovul aymoqlari soni 452 tadan 231 taga qisqartirilgani bu jarayonning amaliy natijasi sifatida keltirildi.
Kuzatuvchilar fikricha, bu kabi keskin o‘zgarishlar davlat boshqaruvini soddalashtirish, xarajatlarni kamaytirish va mahalliy hokimiyat samaradorligini oshirishga qaratilgan. Agar rejalar to‘liq amalga oshsa, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda maʼmuriy islohotlar bo‘yicha yangi modelni namoyon qilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!