Qirg‘izistonda shov-shuv: Shoirbek Tashiyev qo‘lga olindi

Qirg‘izistonda yana bir shov-shuvli voqea kun tartibiga chiqdi. Mamlakat Milliy xavfsizlik tizimida uzoq yillar faoliyat yuritgan Qamchibek Tashiyevning ukasi, sobiq deputat Shoirbek Tashiyev yirik korrupsiya ishi doirasida ushlandi.
Mahalliy OAV, xususan “24.kg” nashri xabariga ko‘ra, u "Qirg‘izneftegaz" faoliyatida aniqlangan moliyaviy qonunbuzarliklar yuzasidan ochilgan jinoyat ishi doirasida hibsga olingan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Shoirbek Tashiyev hozirda Bishkek shahar IIBB tasarrufidagi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur jinoyat ishiga Davlat soliq xizmati tomonidan olib borilgan tekshiruvlar asos bo‘lgan. Unga ko‘ra, 2021–2025 yillar oralig‘ida davlat kompaniyasida katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirish va talon-toroj qilish holatlari aniqlangan.
Tergov hujjatlarida qayd etilishicha, mahsulotlar vositachilar orqali sun’iy ravishda arzon narxda xarid qilinib, keyinchalik yuqori narxlarda sotilgan. Shuningdek, xomashyo shubhali sxemalar orqali hisobdan chiqarilgan. Natijada davlatga 4 milliard so'mdan ortiq (taxminan 550 million so‘m) zarar yetkazilgani aniqlangan.
Moliyaviy operatsiyalar tahlili esa daromadlarni yashirin ravishda xususiy tuzilmalarga o‘tkazishning kamida uchta alohida kanalini ochib bergan. Tergov organlari ushbu tuzilmalarni Qamchibek Tashiyevga yaqin bo‘lgan shaxslar bilan bog‘lamoqda.
Ayni paytda ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Mazkur voqea Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi yana dolzarb mavzuga aylanganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!