O‘rmonga tashlangan ikki yoshli bola mo‘jiza bilan tirik qoldi

Foto: Yandex
Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida yurakni larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Otasi tomonidan o‘rmonga tashlab ketilgan 2 yoshli bola barcha xavf-xatarlarga qaramay tirik qoldi. Bu haqda The Times of India xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bola yovvoyi hayvonlar yashaydigan hududda qariyb 20 soat davomida yolg‘iz qolgan. U oyoqyalang holda, och va chanqoq bo‘lishiga qaramay, instinktiv tarzda harakatlanib, hayot uchun kurashgan.
Hodisa bolaning onasi o‘ldirilganidan keyin yuz bergan. Shundan so‘ng, erkak farzandini mototsiklda aholi yashamaydigan o‘rmon hududiga olib borib, u yerda tashlab ketgani aytilmoqda.
Dastlab, ota huquq-tartibot idoralarini chalg‘itib, bolaning qayerda ekanini yashirishga uringan. Shu sababli qidiruv ishlari kech boshlangan. Keyinchalik politsiya, qutqaruvchilar va mahalliy aholi jalb etilgan holda keng ko‘lamli qidiruv amaliyoti o‘tkazildi. O‘rmon, dala va suv manbalari bosqichma-bosqich tekshirib chiqilgan.

Qariyb bir sutka o‘tgach, qutqaruvchilar o‘rmon ichida juda sust ovozni eshitib qolishgan. Shu orqali bola topilgan. U qattiq holdan toygan bo‘lsa-da, tirik ekani barchani hayratga solgan.
Mutaxassislar bu holatni haqiqiy mo‘jiza deb baholamoqda. Chunki bu yoshdagi bolaning bunday og‘ir sharoitda uzoq vaqt omon qolishi juda kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Bolaning otasiga nisbatan og‘ir jinoyat bo‘yicha ayblov qo‘yilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!