Toshkentlik erkak zapravkadagi navbatdan qochish uchun uyida bir tonna benzin saqladi

Toshkentlik erkak zapravkadagi navbatdan qochish uchun uyida bir tonna benzin saqladi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi erkakning uyidan bir tonnadan ortiq benzin aniqlandi. Yoqilg‘i plastik idishlarga solingan holda saqlangan.

Ma’lum qilinishicha, erkak benzin quyish shoxobchalaridagi navbatlarda vaqt yo‘qotmaslik maqsadida katta miqdorda yoqilg‘i zaxirasini to‘plagan. Biroq bunday hajmdagi benzinni turar joyda saqlash jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari yoqilg‘ini xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda xonadondan olib chiqib ketgan. Holat yuzasidan erkakka nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgani bildirilgan. Ammo uning aynan qaysi qoidani buzgani va qanday jazo qo‘llangani haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Mutaxassislar benzinning oson alangalanishini hisobga olib, uni uy sharoitida, ayniqsa, plastik idishlarda va katta miqdorda saqlash xavfli ekanidan ogohlantiradi. Yoqilg‘i bug‘lari hatto kichik uchqun ta’sirida ham yonib ketishi, bu esa yong‘in yoki portlashga olib kelishi mumkin.

Shu sababli benzinni turar joylarda katta miqdorda zaxiralashdan saqlanish va yoqilg‘i bilan muomala qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga amal qilish muhim.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar