Trampga 321 brilliantli noyob oltin uzuk sovg‘a qilindi

Trampga 321 brilliantli noyob oltin uzuk sovg‘a qilindi

Antverpen butunjahon olmos markazi (AWDC) AQSH prezidenti Donald Trampga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 321 ta tabiiy brilliant bilan bezatilgan oltin uzuk taqdim etdi. Sovg‘a AQSHning Belgiyadagi elchisi Bill Uaytga topshirilgan. Bu haqda tashkilot o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, noyob uzuk oltindan tayyorlangan bo‘lib, unga 321 ta tabiiy brilliant hamda yana 75 ta qimmatbaho tosh o‘rnatilgan. Ushbu taqdimot ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p yillik iqtisodiy va savdo aloqalarining ramzi sifatida baholanmoqda.

AWDC ma’lumotiga ko‘ra, AQSH uzoq yillar davomida Antverpen uchun eng muhim savdo hamkorlaridan biri bo‘lib kelgan. Shaharda sotiladigan tabiiy olmoslarning katta qismi yakunda amerikalik xaridorlarga yetkazib beriladi.

«Biz ushbu uzuk mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin iqtisodiy hamkorlik va mustahkam aloqalarning o‘ziga xos ramziga aylanishini istaymiz», — deyiladi markaz bayonotida.

Markaz, shuningdek, uzukni tayyorlashda faqat tabiiy brilliantlardan foydalanilganini alohida ta’kidladi.

«Tabiiy va sun’iy olmoslarni oddiy ko‘z bilan ajratish qiyin. Biroq ularning kelib chiqishi, noyobligi, qiymati hamda maqomi jihatidan katta farq mavjud», — deya qayd etgan AWDC.

Ma’lumot uchun, Antverpen 500 yildan ziyod vaqtdan buyon jahonning brilliant poytaxti sifatida tan olinadi. Shahar birjalari orqali dunyoda qazib olinadigan xom olmoslarning qariyb 80 foizi savdodan o‘tadi.

Shuningdek, Antverpenning mashhur olmos kvartalida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 1 700 ta brilliant kompaniyasining ofislari va vakolatxonalari faoliyat yuritadi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1863 yilda aynan shu shaharda dunyodagi birinchi rasmiy olmos birjasi tashkil etilgan. Bugungi kunda mazkur hududda Antverpen butunjahon olmos markazi hamda to‘rtta yirik savdo birjasi joylashgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar