Toshkentdagi noqonuniy xususiy bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida noqonuniy faoliyat yuritayotgan xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolardan kelib tushgan murojaat asosida Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan Biznes ombudsmanini xabardor qilish tartibida tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida bog‘chada sanitariya-gigiyena qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.
Boshqarma bo‘lim mudiri Dilfuza Hikmatovaning ma’lum qilishicha, muassasada 20 nafardan ortiq tarbiyalanuvchiga xizmat ko‘rsatilgan. Biroq bog‘chada tibbiyot xonasi, oshxona, kir yuvish xonasi, ombor hamda boshqa zarur yordamchi xonalar umuman mavjud bo‘lmagan.
Shuningdek, bolalarning sog‘lom ovqatlanishi, sifatli ta’lim va tarbiya olishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagani, tarbiyalanuvchilar qabul qilinayotganda ularning sog‘lig‘i haqida tibbiy ma’lumotlar olinmagani ham aniqlangan. Bundan tashqari, tibbiy hujjatlar umuman yuritilmagani va muassasa mas’ullarida bu borada yetarli bilim hamda malaka mavjud emasligi qayd etilgan.
Tekshiruv yakunida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar Soliq qo‘mitasi hamda vakolatli idoralarga yuborilgan. Hozircha mazkur xususiy bog‘chaning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.






























Izohlar 0
…